Soʻx tumani hokimligi axborot xizmati maʼlum qilishicha, mazkur holat toʻliq nazoratga olingan boʻlib, ayni vaqtda tegishli idoralar bilan hamkorlikda har tomonlama oʻrganilmoqda.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻiziston chegara xizmati xodimlari hamda Soʻx tumanida yashovchi Oʻzbekiston fuqarosi oʻrtasida tushunmovchilik kelib chiqqan.

Tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro Oʻzbekiston hududiga olib kelingan.

Shuningdek, ikki tomon masʼullari va fuqaro ishtirokida muloqot oʻtkazilib, vaziyat tinch yoʻl bilan hal etilgani maʼlum qilindi. Tomonlar yuzaga kelgan tushunmovchilik uchun oʻzaro uzr soʻragan.

Rasmiy munosabatda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat yuzasidan tasdiqlanmagan, bir yoqlama va hissiyotga berilgan xabarlar tarqatilayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan fuqarolardan tekshirilmagan maʼlumotlarga ishonmaslik, vaziyatga xolis va vazmin yondashish soʻraldi.

Soʻx tumani hokimligi taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining huquq va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan ishonchli himoya qilinadi hamda bu kabi holatlar vakolatli idoralar nazoratida boʻladi.