Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, videokonferensiya kun tartibida koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini baholash bilan bogʻliq masalalar, jumladan, Oʻzbekiston hukumati tomonidan global inqiroz hodisalarining respublika aholisi va iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi. Konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-aprel kuni “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, byudjet, bazaviy infratuzilma va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun tashqi yordam mablagʻlarini jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan qabul qilingan Inqirozqa qarshi choralar dasturi samaradorligiga yuqori baho berdi.

Shuningdek, Rivojlanish boʻyicha hamkor tashkilotlar jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Islom Taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi vakillari Buxoro va Sirdaryo viloyatlaridagi voqealar oqibatlarini tezkor bartaraf etishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Bu yordam grantlar, kreditlar, gumanitar yordam va texnik koʻmaklashish koʻrinishida beriladi.