Toshkent viloyatida joriy yil boshidan buyon 1200 dan ziyod yoshning har biriga 20 sotixdan 50 sotixgacha yer ajratildiBirgina Bekobod tumanida ishsiz yoshlarga ajratilishi rejalashtirilgan yer 749,5 gektardan iborat edi. Yer oladigan yoshlar esa 1435 nafar boʻlib, ularning har biriga oʻrtacha 0,50 sotixdan yer tegdi.

Soʻnggi yillarda kaftdekkina yerdan oqilona foydalanib, salmoqli daromad olayotgan yoshlar koʻp. Bu borada ular tajribali dehqonlardan ham oʻzib ketishmoqda. Qanday qilib deysizmi?

Ishtiyoq va havas boʻlsa...

Bekobod tumanining Guliston mahallasida yashovchi Abdumuxtor Zokirov soʻzlarini eshitsangiz, bunga oʻzingiz amin boʻlasiz. Uning aytishicha, yerdan moʻmay daromad olish uchun yerga oʻz vaqtida toʻgʻri ishlov berilsa, dehqonlardan maslahat olinib, halol ish qilinsa, yer insonlardan inʼomini ayamaydi.

— Joriy yilning erta bahorida 10 sotix yer maydonini 10 yil muddatga foydalanishim uchun berishdi, — deydi Abdumuxtor. — Baqlajon ekdik. Ayni kungacha uch marta hosil uzib, bozorga olib chiqdik. Yana toʻrt marta hosil terib olishni reja qilganmiz. Xudo xohlasa, bu yilgi sof daromadimiz 40 million soʻm atrofida boʻladi.

Darhaqiqat, yozning ayni pishiqchilik mavsumida fursatni boy bermay, ekin yerining har qarichidan unumli foydalanilsa, roʻzgʻor but, dasturxon toʻkinligi taʼminlanadi. Buning uchun kishida mehnatga ishtiyoq va havas boʻlsa, kifoya.

30 yoshni qarshi olgan Abdumuxtor gurung orasida baqlajon yetishtirish borasidagi tajribasi bilan ham oʻrtoqlashdi. Qarang, qisqa fursatda u oʻqib, izlanib, usta dehqonga aylanibdi.

— Baqalajon ekish uchun, birinchi navbatda, yer maydoni yaxshilab tozalanadi. Soʻngra 10 sotix yerga bir yarim, ikki tonna goʻng solinadi, 20-25 santimetr chuqurlikda yumshatiladi va egat olinadi. Birinchi ishlov berish koʻchatlar toʻliq tutib olgach, boshlanadi. Egat ichi, pushta va qatordagi koʻchatlar orasi tuprogʻi yumshatiladi. Birinchi parvarishdan oʻn besh kunlar oʻtgach, ikkinchi suv beriladi. Keyin yana bir bor chopiq qilinib, begona oʻtlardan tozalanadi, yumshatiladi va tuproq koʻchatning atrofiga bosiladi. Baqlajon oʻsimligi yaxshi rivojlanib, moʻl hosil berishi uchun ildizi joylashgan qatlam havo bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib qoʻyilgani maʼqul, — deydi yosh dehqon.

Tuganmas xazina

Abdumuxtor Zokirovning yer bilan tillashishida rahmatli otasining mehnatlari singgan. 7 farzandning kenjasi boʻlgan Abdumuxtor traktorchi boʻlib ishlagan otasining yonida koʻp yurgani uchun dala hadisini yaxshigina oʻrganib oldi. Otasining “Bolam, tomorqa tuganmas xazina, yerni aziz bilsang, rizqing hamisha butun boʻladi”, degan gaplarini bot-bot eslab turadi. Ayoli Barchinoy ham unga koʻmakchi. Moskva davlat universitetini imtiyozli tamomlab, davlat ishi va tomorqachilikni birday olib borayotgan bu yigitning kelajakdagi niyatlari juda ulkan. Bir oʻgʻil va bir qizining baxtli hayoti poydevorini hozirdanoq mustahkam qoʻyish uchun shaylangan Abdumuxtor mehnatdan qochmaydi. Donolarimiz aytganidek, mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroylik.

— Soʻnggi yillarda yoshlarga yer ajratib berish orqali ularning bandligini taʼminlash borasida izchil islohotlar kechmoqda, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Miraziz Mirsultonov. — Viloyatimizda ham 18-30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarni ish bilan taʼminlash sohasida koʻp ish qilinyapti. Yoshlar, asosan, agroklasterlar, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik sohalari, tomorqachilik va issiqxona xoʻjaliklariga ishga joylashtirilyapti. “Yoshlar daftari” esa mavjud muammolarni oʻrganish, yoshlar takliflarini qoʻllab-quvvatlash borasida samarali tizimga aylandi. Ayniqsa, tarmoqlarda koʻplab yoshlarning bandligi taʼminlanyapti. Ularning mavsumda yetishtirgan hosildan topayotgan daromadi ham chakki emas. Joriy yilning erta bahorida viloyatimiz yoshlari uchun ajratib berilgan tomorqa yerlari bugun barakali hosil beryapti. Mehnat qilgan odam elda kam boʻlmas, degan maqolning isbotini yoshlar hayoti misolida kuzatishimiz mumkin.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri