Mashhur insayderning maʼlum qilishicha, Ronaldu jahon chempionati yakunlanmaguncha biror bir klub bilan shartnoma imzolamaydi.
“Al-Nassr” tomonidan berilgan taklif hali ham oʻz kuchida. Saudiya Arabistoni klubi yiliga 200 million yevro maosh bilan 2025-yilgacha shartnoma taqdim qilgan. Ronaldu esa hali ham Yevropa klublaridan taklif kutmoqda.
Eslatib oʻtamiz, futbolchi Shveysariyaga qarshi oʻyinda zaxirada qoldirilgan edi. Bugun, 9-dekabr kuni Qatardagi mundialning chorak final bahslari boshlanadi.
Unda bugun soat 20:00 da Xorvatiya va Braziliya keyingi bosqich masalasini hal qilsa, 23:59 da Virjil van Deyk yetakchiligidagi Niderlandiya termasi Messi boshchiligidagi Argentina qarshiligini yengib oʻtishga harakat qiladi.
Ronaldu esa 10-dekabr, shanba kuni 20:00 da start oladigan Marokash – Portugaliya bahsida maydonga tushishi mumkin, albatta. Chorak final bahslarini 23:59 da boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Angliya – Fransiya qarama-qarshiligi yakunlab beradi.