Raketa Xalqaro koinot stansiyaga uchirilgandan so'ng, uchirish joyida zarar yetganligi aniqlandi. Bu haqda “Roskosmos” matbuot xizmati o'zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Davlat korporatsiyasining aniqlik kiritishicha, uchirish rejaga muvofiq amalga oshirildi, “hech qanday muammosiz”. Fazoviy kema Xalqaro koinot stansiyasiga muvaffaqiyatli tutashdi va ekipajning ahvoli yaxshi deb baholandi.
“Har safar raketa uchirilganidan keyin o'tkaziladigan jarayon – uchish joyi tekshirildi. Uchirish maydonchasining bir nechta komponentlariga zarar yetganligi aniqlandi”, deyiladi bayonotda.
Matbuot xizmati tushuntirganidek, uchirilgandan keyin shikastlanish yuz bergan bo'lishi mumkin, shuning uchun “bunday tekshiruv xalqaro amaliyotda majburiydir”. Uchirish maydonchasining holati hozirda baholanmoqda.
“Barcha zarur zaxira komponentlari ta'mirlash uchun mavjud va yetkazilgan zarar tez orada bartaraf etiladi”, deb qo'shimcha qildi “Roskosmos”.
27-noyabr kuni Boyqo'ng'ir kosmodromidan “Soyuz-2.1A” raketasi uchirildi. U bortida Xalqaro koinot stansiyasiga yo'l olgan kosmonavtlar bo'lgan “Soyuz MS-28” fazoviy kemasini orbitaga olib chiqdi.
Ekipaj tarkibiga kosmonavtlar Sergey Kud-Sverchkov va Sergey Mikaev, shuningdek, NASA astronavti Kristofer Uillyams bor, deb xabar berdi rbc.ru.






