Rossiya bilan charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻida hamkorlik kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 29 Mart 2023 1379

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning Oʻzbekistondagi savdo vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqotda asosiy eʼtibor sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.

    Uchrashuv avvalida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati tomonidan Rossiya tomoniga davlat tomonidan mamlakatimizda charm-poyabzal sohasida berilayotgan eʼtibor, chet-el investorlari uchun yaratilgan imkoniyat va yengilliklar, sohaning salohiyati, xom ashyo zaxirasi toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston-Rossiya oʻrtasida charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻida manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha qator tashkiliy va amaliy masalalar muhokama qilib olindi.

    Shuningdek, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, mamlakatimizda eksport loyihalarini ilgari surish, investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb etishga koʻmaklashish, koʻrgazma va yarmarka tadbirlarida ishtirok etishda yordam va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.

    2022-yil mobaynida Rossiya Federatsiyasiga mamlakatimizdan charm-poyabzal mahsulotlarining eksport hajmi keskin ortdi.

    Jumladan, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega (bolalar, erkaklar, maxsus poyabzal), charm-attorlik, qorakoʻl, tayyor charm mahsulotlari ulushi 2021-yilga nisbatan 3,6 barobarga oshdi.

    Muloqot yakunida Rossiyaning savdo vakillari bilan mazkur mamlakat kompaniyalarining Oʻzbekistonda charm-poyabzal koʻrgazmalarida ishtirok etishini taʼminlash yuzasidan muzokaralar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.