Rossiya BMTning koinotda qurollanishga qarshi rezolyutsiyasiga veto qo'ydi

    Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida koinotda qurollanish poygasiga qarshi rezolyutsiyani blokladi.

    24-aprel, chorshanba kuni bo'lib o'tgan ovoz berish chog'ida Xavfsizlik Kengashiga kiritilgan 15 davlatdan 13 tasi ushbu hujjatni qabul qilishga ovoz berdi, Xitoy betaraf qoldi, Rossiya esa veto huquqidan foydalandi.

    Ovoz berish boshlanishidan oldin Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya AQSh va Yaponiya taklif qilgan rezolyutsiya matnini “hazil” deb atadi. O'z navbatida, AQSh doimiy vakili o'rinbosari Robert Vud, agar Rossiya qarshi ovoz bersa, “yashirish uchun nimadir bormi?” degan savol tug'ilishini aytdi.

    Rezolyutsiya loyihasida “bizning umumiy maqsadimiz – koinotda qurollanish poygasining oldini olish”, shuningdek, Koinot shartnomasi bo'yicha majburiyatlarga rioya qilish, xususan, “Yer atrofidagi orbitaga hech qanday yadro quroli yoki ommaviy qirg'in qurollarini joylashtirmaslik kerakligi ta'kidlangan”. Shuningdek, u BMT Xavfsizlik Kengashi a'zolarini “Yer atrofidagi orbitaga maxsus joylashtirishga mo'ljallangan hech qanday yadro qurolini ishlab chiqmaslikka” chaqiradi, deb xabar beradi dw.com.