Delegatsiya aʼzolari bilan Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida uchrashuvlar oʻtkazildi.
Uchrashuvlarda pandemiya sharoitida mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish, Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish, ularga kasb va til oʻrgatish kabi masalalar muhokama etildi.
Muzokaralarda taʼkidlandiki, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Federatsiyasi ish beruvchilari oʻrtasida pandemiya davrida Oʻzbekiston fuqarolarini xorijda ish bilan taʼminlash maqsadida olib borilgan muzokaralar natijasida mamlakatning turli hududlaridagi boʻsh ish oʻrinlari taklif etilib, ularga yurtdoshlarimizni ishga jalb qilish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Ushbu kelishuvlarga muvofiq, ishchilar nisbatan kam zarar koʻrgan hududlardagi yirik qurilish obyektlari, qishloq xoʻjaligi, sanoat korxonalari va boshqa sohalarda epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda vaqtincha mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, koronavirus pandemiyasi sababli Rossiya Federatsiyasiga vaqtincha ishlash uchun ketolmagan va ishsiz qolgan oʻzbekistonlik fuqarolar bandligini taʼminlash orqali ularga daromad manbai yaratish masalasi muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Delegatsiya aʼzolari muloqot davomida pandemiyadan keyin mehnat bozorini tiklash, epidemiologik vaziyatda oʻzbekistonlik mehnat migrantlari xavfsizligini taʼminlash, ularni tartibli, manzilli va tashkillashtirilgan holda ishga joylashtirish hamda ishchilar uchun zaruriy mehnat sharoitlari yaratilib, buning uchun ish beruvchi tashkilot kafil boʻlishi lozimligini taʼkidladi.
Ikki tomonlama muzokaralarda yil yakuniga qadar 4200 nafar fuqaroni yirik qurilish obyektlariga ishga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, transport, ishlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, ish haqi va boshqa masalalar boʻyicha keyingi vazifalar belgilab olindi.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Toshkent shahridagi ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish markazi va “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirokida videokonferensiya shaklida yigʻilish tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining qator masʼul tashkilotlari saʼy-harakatlari bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, 31-iyul kuni 144 nafar fuqaro tashkillashtirilgan holda Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketgan edi.









