“Kommersantʼ” gazetasining yozishicha, Rossiya Grodno (Belarus), Aktau (Qozogʻiston), Samarqand (Oʻzbekiston), Male (Maldiv orollari) va Denpasar (Bali, Indoneziya) shaharlarida konsullik ochishni rejalashtirgan.

Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yevgeniy Ivanov RIA “Novosti” agentligiga bergan intervyusida maʼlum qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, departament Rossiyaning yirik rus diasporalari, shuningdek, sayyohlar orasida mashhur boʻlgan hududlarda konsullik faoliyatini kuchaytirmoqchi.

Shuningdek, gazeta joriy yil yanvardan sentyabrgacha Oʻzbekistonga 318 156 nafar rossiyalik kirib kelgani xabarini beradi.

Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot kotibi Dmitriy Danilovning “Dunyo” axborot agentligiga tushuntirishicha, hozir bu masala qizgʻin ishlab chiqilyapti va Samarqand tasodifan tanlanmagan.

“Bu nafaqat mamlakatning ikkinchi yirik shahri, dunyodagi eng yirik sayyohlik markazi, balki yaqindan boshlab turli xalqaro forumlar uchun tadbirlar markazi hamdir”, — deya qoʻshimcha qildi diplomat.