Koronavirus pandemiyasi davrida Rossiyaga kirish uchun chet ellik sayyohlarga yoʻllar yopilgani tufayli Rossiya turindustriyasi 500 milliard rubl kam daromad qilgan. Bu haqda Rosturizm rahbari Zarina Doguzova fikr bildirgan.

“Oʻtgan yilgi natija turizmning mamlakatga 10,9 milliard dollar olib kirgani haqida guvohlik bergan. Bu qurol-yarogʻ, bir qator rangli metallar, yogʻoch eksportlaridan keladigan daromad bilan solishtirsa arziydigan summa. Bizning hisobimiz boʻyicha, zarar 500 milliard rubl atrofida”, — degan Zarina Doguzova aif.ru ga bergan intervyusida.

Rosturizm rahbari taʼkidlaganidek, bu zararni sayyohlar uchun 2021-yil 1-yanvardan elektron vizaning joriy etilishi qoplashi mumkin. Bu chorani u Rossiya turizmi uchun tarixiy qaror deb baholadi. Doguzova soʻzlariga qaraganda, elektron viza bu hududlarning inqirozdan keyin tezroq tiklanib olishi uchun muhim inqirozga qarshi choradir.

Avval Rosturizmda Rossiyaning turizm sohasi 2020-yilning birinchi yarmi yakuni boʻyicha pandemiya tufayli chegaralashlar sabab 1,5 trillion rubl zarar koʻrgani haqida xabar bergandi.