Primorsk savdo-sanoat palatasida oʻzbekistonlik va rossiyalik ishbilarmon doiralar uchrashuvi boʻlib oʻtdi hamda uning asnosida muzokaralar oʻtkazildi.
Uchrashuvga Sirdaryo viloyati hokimining oʻrinbosari Doniyor Madirimov va “Primorsk Savdo-Sanoat Palatasi” uyushmasi Prezidenti Boris Sputniskiy boshchilik qilishdi.
Primorsk oʻlkasi gubernatori bilan oʻtkazilgan muzokaralar davomida Sirdaryo viloyatida yetishtiriladigan qiymati 5 million dollar boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Vladivostok shahriga eksport qilish boʻyicha shartnoma imzolandi. Eʼtiborlisi, shaharda Sirdaryo viloyatining savdo uyi tashkil etiladigan boʻldi.
Shuningdek, uchrashuvlar chogʻida delegatsiya aʼzolari Primorsk oʻlkasiga sanoatning 4 ta tarmogʻi, aniqrogʻi, qishloq xoʻjaligi, tekstil, farmatsevtika mahsulotlari va qurilish mollari boʻyicha eksportni yoʻlga qoʻyish hamda Sirdaryoda baliq mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini barpo etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek sirdaryoliklar delegatsiyasi aʼzolari Yakutsk shahrida faoliyat yurituvchi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va savdo maskanlariga tarqatish markazi “IP Karimjanov” bilan tanishdi.
Ushbu markaz zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanganligi hamda xizmatlar talab darajasida yoʻlga qoʻyilganligi mijozlar koʻpligining asosiy sabablaridan hisoblanadi.
Uchrashuv doirasida Sirdaryo viloyatida yetishtirilayotgan qariyb 5 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Saxa Respublikasining Tadbirkorlik, savdo va turizm vaziri, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari bilan uchrashib, unda Sirdaryo viloyatining investitsion salohiyati, yurtimizda xorijiy investorlar, eksportyorlarga yaratilgan shart-sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar hamda imkoniyatlar boʻyicha taqdimot oʻtkazildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Olib borilgan muzokaralar natijasida chorvachilik, baliqni qayta ishlash, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport kabi koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.