Rossiya va MDH davlatlari neft va gaz korxonalari bosh energetiklarining yigʻilishi oʻtkazildi

    Joriy yilning oktyabr oyi boshida Rossiya federatsiyasi Moskva oblastida, Neft-kimyo va neftni qayta ishlash korxonalari assotsiatsiyasi tashkilotchiligida bosh energetiklari kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur anjumanga Rossiya va MDH davlatlari neft-kimyo va neftni qayta ishlash korxonalari qatorida “Oʻzbekneftgaz” AJ energetiklari ham taklif etildi.

    Yigʻilishning asosiy maqsadi soha mutaxassislari, energiya qurilmalarini yetkazib beruvchilar oʻrtasida oʻzaro fikr va tajriba almashish, shuningdek, energetiklar oʻrtasida professional aloqalarni oʻrnatishdan iborat.

    Ushbu yigʻilishda Rossiya va MDH davlatlaridagi neft-kimyo va neftni qayta ishlash korxonalari bosh energetiklari, ilmiy izlanish va loyiha institutlari, jihozlar va qurilmalar ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari hamda injenering tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etishdi.

    Ishtirokchilar “Achensk NQIZ”, “Kuybeshev NQIZ”, “Novokuybeshevsk NXK”, “Sibur”, “Lukoyl Volgograd NK”, “Lukoyl Permnefteorgsintez”, “Bashneft Ufaneftexim”, “Rosneft”, “Sibur – Neftexim” kompaniyalari, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi korxonalari bosh energetiklarining maʼruzalarini tinglashdi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ va Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bosh energetiklari tomonidan aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va boshqarmalarda “Elektr energiyasi ishlab chiqarishni joriy etish va tajribalari” hamda “Energiya samaradorligini oshirish va energiya tejovchi uskunalarni hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish” mavzularida maʼruzalar qilindi.

    Ushbu yigʻilish asosida olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, xulosalar tayyorlanadi va bu borada ishlar samaradorligini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritiladi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati