Oʻzbekiston diplomatlari saʼy-harakatlari bilan Vladivostok shahrida ogʻir tan jarohati olgan vatandoshimiz Oʻzbekistonga qaytdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.

Qayd etilishicha, Samarqandlik ota Oʻzbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilib, oʻgʻli S.G. baxtsiz hodisa oqibatida jiddiy jarohat olgani, Vladivostok shahar 2-sonli klinik shifoxonasida yotgani va dori-darmon uchun yetarli mablagʻ qolmaganini bildirgan hamda Oʻzbekistonga qaytish uchun amaliy yordam soʻragan.

Maʼlum boʻlishicha, S.G. 2023-yilda Rossiyaning Xabarovsk oʻlkasiga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan.

Oʻtgan yili oktyabr oyida Birobidjan shahrida ehtiyotsizligi oqibatida daraxtdan yiqilib, boʻyin umurtqa qismini sindirib olgan. Birobidjan shahar markaziy shifoxonasida unga operatsiya muolajasi oʻtkazilib, statsionar davolashga olingan.

Biroq bemorning otasi Birobidjan shahar markaziy shifoxonasida davolanayotgan oʻgʻlining sogʻligʻidan koʻngli toʻlmay, uni Vladivostok shahar 2-sonli klinik shifoxonasiga oʻtkazadi. Bu yerda ham shifokorlar bemorda qayta operatsiya oʻtkazish kerakligini bildirgan. Yurtdoshlarimizda operatsiya uchun yetarli mablagʻ yoʻqligi uchun davolanishni Oʻzbekistonda davom ettirishga qaror qiladi.

Mamlakatimiz diplomatlari koʻmagida joriy yilning 5-mart kuni bemor hamyurtimizning Oʻzbekistonga qaytib ketishi uchun “Uzbekistan airways”ning Vladivostok-Toshkent yoʻnalishidagi samolyotiga chipta sotib olib berildi va oilasi bagʻriga kuzatib qoʻyildi.