Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2020-2022-yillarda Rossiya Federatsiyasining 2019-2025-yillarda davlat migratsiya siyosati Konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari doirasida ishlab chiqilgan qonun loyihasida chet el fuqarolariga mamlakatda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma berishni bekor qilish koʻzda tutilmoqda.
Vazirlik mehnat migrantlarini Rossiyaga chaqirish va roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini buzgan jismoniy va yuridik shaxslar reyestrini yaratishni ham taklif qilmoqda.
Vazirlikning izoh berishicha, chet el fuqarolariga mamlakatda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomalarni berish samarasiz tizim hisoblanadi, shuning uchun bu tizimdan voz kechishga qaror qilinmoqda.
Chet el fuqarolarining birinchi toifasi boʻlgan mehnat migrantlari ushbu hujjatdan aksariyat hollarda faqat mamlakatda mehnat faoliyatini qonuniylashtirish uchun foydalanishadi. Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olishni rejalashtirgan chet el fuqarolarining ikkinchi toifasi uchun esa bu hujjat ortiqcha byurokratik jarayon hisoblanadi.
Shu bilan birga, qonun loyihasida chet elliklar uchun Rossiyada qonuniy boʻlishning quyidagi uchta migratsion tartibini joriy etish koʻzda tutilgan:
– birinchisi, chet el fuqarosi Rossiya Federatsiyasi hududida bir kalendar yili davomida jami 90 kundan ortiq boʻlmagan vaqt ichida boʻlgan qisqa muddatli yashash tartibi;
– ikkinchisi, chet el fuqarosi Rossiya Federatsiyasi hududida bir kalendar yil davomida doimiy yashash uchun ruxsat olmasdan jami 90 kundan ortiq uzoq muddatli yashash tartibi;
– uchinchisi, muddatsiz doimiy yashash tartibi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan qonun loyihasiga koʻra, Rossiya hududida boʻlib turgan mehnat migrantlari elektron maʼlumotlarni oʻzida jamlagan yagona hujjatni olish shart va bu hujjat mamlakat ichida shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma sifatida qabul qilinadi.
Yagona hujjat qay tartibda rasmiylashtiriladi?
Ushbu hujjatni olish uchun chet el fuqarolari hududiy ichki ishlar organlariga ariza taqdim etadi hamda barmoq izlari va fotosurat topshirib, biometrik tekshiruvdan oʻtadi.
Shuningdek, boshqa shaxslarga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan giyohvandlik va yuqumli kasalliklar yoʻqligini tasdiqlovchi tibbiy koʻrik talab etiladi.
Hujjat oʻn yil davomida haqiqiy hisoblanadi, amal qilish muddati tugagach yoki fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi kabi maʼlumotlari oʻzgarganda uni almashtirish zarur.
Ayrim sohalarga migrantlarni jalb qilish soddalashtirilmoqda
Rossiya Federatsiyasi qonunchilik faoliyati boʻyicha hukumat komissiyasi xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish, xususan, stadionlarni qurish ishlari uchun migrantlarni mamlakatga olib kirishning soddalashtirilgan tartibini koʻzda tutuvchi qonun loyihasini maʼqulladi.
Qonun loyihasida yirik xalqaro sport tadbirlari, turli xalqaro festivallar va koʻrgazmalarga tayyorgarlik koʻrish va obyektlarni qurish ishlariga mehnat migrantlarini jalb qilishda tashkilotchilarga alohida ustunlik berilmoqda, yaʼni chet ellik ishchilar uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish talab etilmaydi.