Bolalar ombudsmaniga Buxoro viloyatida yashovchi M.T. (ayol) murojaat qildi. U oʻz murojaatida M.T. va turmush oʻrtogʻi O.N. Rossiya Federatsiyasida boʻlish muddati tugagani sababli 2024-yilning 28-aprel kuni Oʻzbekistonga qaytib kelishga majbur boʻlgani, ammo 5 oylik farzandi M.Z. (joriy yilning 25-yanvarda tugʻilgan qiz bola) Sankt-Peterburg shahridagi bolalar shifoxonasida ota-ona gʻamxoʻrligisiz yolgʻiz qolganini bildirgan.
Shuningdek, hozirda davolash jarayoni tugagan boʻlsada, ayol farzandini Oʻzbekistonga olib kelish moddiy imkoniga ega emasligini bildirib, bolani Oʻzbekistonga qaytarishda amaliy yordam soʻragan.
Aytish kerakki, M.T.ning farzandi tugʻilish vaqtidan avval va juda kichik vaznda bir necha yurak kasalliklari bilan tugʻilib, shu sababdan tugʻilganidan beri Sankt-Peterburgdagi mazkur muassasada shifokorlar nazorati ostida boʻlgan va davolash jarayonida yuragiga operatsiya qilingan.
Shu bilan birga, kasalxona maʼmuriyati bildirishicha, bolaning 8 oy davomida davolanishi muolajalari va operatsiya uchun ota-ona tomonidan toʻlov amalga oshirilmagan.
Maʼlum boʻlishicha, Sankt-Peterburg shahridagi oʻzbek diasporasi qizaloqni davolanishi uchun kasalxonaga toʻlanishi joiz boʻlgan mablagʻning bir qismini toʻplagan boʻlsada, zarur mablagʻni toʻplashga hali ancha vaqt kerak boʻlishi mumkin.
Quvonarlisi, bunday murakkab vaziyatga ham yechim topilib, bolaning shifoxonada tibbiy muolajalari uchun toʻlov qisqa fursatda Oʻzbekiston yirik tadbirkorlaridan boʻlgan homiy tomonidan toʻlab berildi.
Bolalar ombudsmani Sankt-Peterburgdagi qizaloqni Oʻzbekistonga tez fursatda qaytarilishi yuzasidan zarur choralar koʻrish uchun TIV va IIVga soʻrov kiritdi.
Shuningdek, davolanishdan keyin bola hali toʻliq tiklanmaganligi va aviaqatnov paytida sogʻligʻida muammolarni oldini olish maqsadida Bolalar ombudsmani Sogʻliqni saqlash vazirligiga bolani Oʻzbekistonga olib kelishda maxsus shifokor hamrohlik qilishida amaliy koʻmak berilishiga oid soʻrov yubordi hamda mazkur jarayon yuzasidan kuzatuv olib borib, bolaning oilasi bilan doimiy aloqada boʻldi.
Kecha, 1-sentyabr kuni, Sankt-Peterburg shahridan vatanga qaytarilgan 14 nafar bola qatorida M.Z. Ichki ishlar vazirligi vakillari va shifokorlar hamrohligida Oʻzbekistonga olib kelindi va ota-onasiga topshirildi.
Endilikda Buxoro viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan bolaning sogʻligʻini saqlashga va oilaga ijtimoiy koʻmak koʻrsatishga oid choralar koʻriladi.
Qizaloqning oilasi mazkur masalada muhim amaliy koʻmak koʻrsatib, qizaloqning davolanishi toʻlovini amalga oshirishda begʻaraz koʻmak koʻrsatgan tadbirkorga va bolani Oʻzbekistonga qaytarilishida ishtirok etgan barcha masʼul idoralariga oʻzining chuqur minnatdorligini bildirmoqda.