Ishchi guruhi bugun ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahridagi «Monolit kapital stroy» qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz tomonidan norozilik aks etgan video murojaat yuzasidan Agentlikning Moskva shahridagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi mas'ul xodimlari bilan birgalikda voqyea joyiga borib, vaziyatni o‘rgandi.

Yurtdoshlarimiz bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida ma’lum bo‘lishicha, mazkur kompaniya tomonidan qurilish ob’ektiga ishga jalb qilingan 200 nafarga yaqin fuqarolarga ish haqlarining berilishi kechiktirilgan va bu holat fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Ularning yashashi va ovqatlanishi bilan bog‘liq muammolar yoki fuqarolik pasportlarini olib qo‘yish holatlari bo‘lmagan.

Yuqoridagi muammoni bartaraf etish maqsadida «Monolit kapital stroy» qurilish kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi va yurtdoshlarimizning oylik ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishga kelishib olindi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.