Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Oʻzbekiston va Rossiya Hukumatlararo komissiya doirasida kichik qoʻmitaning 13-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev rahbarligida vazirlik va idoralar vakillari hamda Rossiyaning Mehnat va bandlik federal xizmati rahbari Mixail Ivankov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilishda mehnat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish va tajriba almashish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini munosib va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, hayoti va sogʻligʻini asrash, huquqlarini muhofaza qilish hamda bu borada ishonchli mexanizmlarni yoʻlga qoʻyishga oid qator masalalar muhokama etildi.
Kunning ikkinchi yarimida delegatsiya aʼzolari Toshkent shahridagi “KOICA” ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining matbuot xizmati.