Rossiyadagi yurtdoshlarimizdan norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslik soʻraldi

    Ijtimoiy hayot 26 Dekabr 2022 2392

    Norasmiy kuryerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirdi.

    Taʼkidlanishicha, soʻnggi vaqtlarda Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan yurtdoshlarimiz orasida Internet orqali katta miqdordagi pul evaziga mahsulotlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish haqidagi eʼlonlar boʻyicha muammolar yuzaga kelmoqda.

    Murojaatlardan maʼlum boʻlmoqdaki, norasmiy kuryerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda va buning oqibatida politsiya xodimlari tomonidan kuryerlar ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.

    Shu munosabat bilan, norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslik, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslik yoki mahsulotni albatta tekshirish soʻraldi.

    Eslatib oʻtamiz, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga koʻra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.