Holat yuzasidan tezkor surishtiruv olib borildi. Maʼlum boʻlishicha, mahsulot 7-dekabr sanasida Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan FoodCity agromajmuasida yuklangan.

Pomidorni eksport qilish uchun qonunchilikdagi talablarga asosan mahsulot partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasiga yuborilgan.

Oʻtkazilgan ekspertiza natijasida mahsulotda karantin organizmlari aniqlanmagani sababli ichki fitosanitar sertifikat va laboratoriya xulosasi asosida eksport qilish huquqini beruvchi xalqaro namunadagi fitosanitar sertifikat rasmiylashtirib berilgan.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida pomidorni eksport qilgan korxona vakillari bilan muloqot olib borildi. Korxona vakillari Nijniy Novgorod viloyatiga 18,5 tonna pomidor yuk mashinasi orqali muvaffaqiyatli yetkazgani va importyor korxona bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mahsulotlar qabul qilib olinganligini maʼlum qildi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etib oʻtamiz, mahsulotda aniqlangani aytilayotgan “pomidor jigarrang bujmayish virusi” (Tomato brown rugose fruit virus – ToBRFV) inson organizmi uchun xavfsiz boʻlib, zararlangan pomidorni isteʼmol qilganda ham inson organizmiga salbiy taʼsir qilmaydi.