Safardan ko‘zlangan maqsad — o‘zbekistonlik hamkasblariga koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq tadbirlarni tashkillashtirish masalasida ko‘maklashish. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda e’lon qilgan. 

— O‘zbekistonlik hamkasblar bilan epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni tashkillashtirish masalasida konsultatsiyalar o‘tkazish maqsadida Rospotrebnadzorning bir guruh mutaxassislari O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilgan, — dedi Mariya Zaxarova. — Ishonamizki, do‘stlarimiz bilan birga ko‘radigan choralarimiz O‘zbekistondagi epidemiologik holatni sifat jihatidan yaxshi tomonga sezilarli darajada o‘zgartirish imkonini beradi.

Diplomatning ta’kidlashicha, pandemiyaga qarshi kurash uchun Rossiya O‘zbekistonga mart oyidan iyul oyigacha bo‘lgan davrda koronavirus infeksiyasiga tashhis qo‘yish maqsadida Rossiyada ishlab chiqarilgan mingdan ortiq test-tizimlarini beg‘araz yordam tariqasida yuborgan. Undan tashqari, Sog‘liqni saqlash tizimi va Rospotrebnadzor tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi sohasida koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha videokonferensiyalar o‘tkazib kelinyapti.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili shuningdek, hamkorlarning iltimosiga binoan 16 avgustda Toshkentga 38 kishidan iborat rossiyalik shifokorlar brigadasi jo‘natilganini ta’kidladi. 

— Ular orasida Moskva shahri va viloyatidan, Sankt-Peterburg shahri va Tataristondan anesteziologlar, reanimatologlar, pulmonologlar, infeksionistlar, kardiologlar, hamda umumiy amaliyot shifokorlari bor.  Bir oy davomida ular Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Jizzax va boshqa viloyatlardagi o‘zbekistonlik hamkasblariga  COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda amaliy va uslubiy yordamlar ko‘rsatadi, — deb qo‘shib qo‘ydi diplomat.