Rossiyaning “KZSK” kompaniyasi Oʻzbekistonda biznesini rivojlantiradi

    Biznes 22 Iyun 2022 1983

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida “Qozon sintetik kauchuk zavodi” OAJ vakili bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olish muhokamaning asosiy mavzusiga aylandi.

    Maʼlumot uchun, “Qozon sintetik kauchuk zavodi” OAJ Rossiyadagi neft-kimyo sanoatining yetakchi korxonalaridan biri hisoblanadi. Zavodda MDH davlatlari va uzoq xorij mamlakatlarida sanoatning turli tarmoqlari uchun moʻljallangan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ayni vaqtda korxonada 160 nomdagi mahsulot tayyorlanadi.

    “Qozon sintetik kauchuk zavodi” OAJ oʻz biznesini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar manzilini izlashda davom etadi. Kompaniya rahbariyatining taʼkidlashicha, bugungi kunda Markaziy Osiyoning qoq markazidagi qulay geografik joylashuvga va keng logistika imkoniyatlarga ega Oʻzbekistonda kompaniyaning biznesini kengaytirish rejasi ustuvor yoʻnalishlardan biri deya baholanadi. Rossiyaning kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu taniqli korxonasi yaqin kunlarda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida poyabzal sanoati uchun talab yuqori boʻlgan poliuretan va kauchuk birikmalari kabi kimyoviy moddalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qoʻshma korxonani ochishni rejalashtirgan.

    Mamlakatimizda poyabzal ishlab chiqarish hajmlarining jadal oʻsishi tendensiyasi va bu borada yaratilgan imkoniyatlarga monand ravishda yillik ishlab chiqarish quvvatini hisobot davri oxiriga qadar 205 million juftga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu esa ayni yoʻnalishda katta hajmdagi butlovchi qismlar va xom ashyoga talabni oshiradi. Ayni paytda poliuretan va kauchuk aralashmalari asosan xorijdan keltirilayotganligi hisobga olinsa, mazkur yangi korxonaning ochilishi ushbu butlovchi mahsulotlarni mahalliylashtirish va poyabzal tannarxini sezilarli darajada kamaytirish vazifalari ijrosida ahamiyatga egaligini taʼkidlab oʻtish mumkin boʻladi.

    Uchrashuvda kimyoviy mahsulotlarga boʻlgan talab xususida soʻz yuritildi. Hamkorlikning istiqbolli jihatlari va imkoniyatlari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.