Rossiyaning qator moliyaviy institutlari bilan 257,3 million dollar miqdorida hamkorlik shartnomalari imzolandi

    Investitsiyalar 20 Noyabr 2021 2073

    Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston-Rossiya ikki tomonlama hamkorlikni turli sohalarda mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.

    Jumladan, Rossiyaning “VEB.RF” banki, “EKSAR”, “Gazprombank” va “Bank GPBInternational S.A.” kompaniyalari bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida uglevodorodlar xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish dasturini moliyalashtirish doirasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi hujjatlar imzolandi.

    “VEB.RF” kuzatuv kengashi rahbari oʻrinbosari D.V. Algulyan, “EKSAR” bosh direktori N.V. Gusakov, “Bank GPB International S.A.” Boshqaruv raisi D.N. Derkach hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ Mehriddin Abdullayev ushbu bitimlarni imzoladilar.

    Ushbu bitimlar “VEB.RF”, “EKSAR” AJ, “Gazprombank” AJ va “Bank GPB International S.A.” ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasida neft va gaz qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha ish va xizmatlar koʻrsatish hamda Rossiya mahsulotlarini yetkazib berishni moliyalashtirish uchun 257,3 million dollar miqdorida boʻlishiga kelishib olindi.

    Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekneftgaz” AJning yuqorida keltirilgan moliyaviy institutlar bilan “GTL” zavodining qurilishi, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va boshqa koʻplab investitsion loyihalarda muvaffaqiyatli hamkorlik qilingan.

    Taʼkidlash joizki, uglevodorod xom ashyosini qazib olishni koʻpaytirish Dasturi mamlakatimiz iqtisodiyotini taʼminlash maqsadida oʻz ichiga burgʻilash, quduqlarni qayta taʼmirlash va texnologik obyektlarni qurish boʻyicha chora-tadbirlarni qamrab oladi.

    Dastur amalga oshirilgandan buyon 430 ta quduq qurilishi yakunlandi, 328 ta mavjud quduq kapital taʼmirlandi, “Gʻarbiy” konida blok-modulli kompressor qurilmasi ishga tushirildi, “Samontepa”, “Uchqir”, “Alan”, “Zevarda” siquv kompressor stansiyalari barpo etildi, shuningdek, dastur doirasida “Arslon” konida gazni kompleks tayyorlash qurilmasi, “Dengizkoʻl” va “Janubiy Tandircha” siquv kompressor stansiyalarida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.