Mehnat migrantlariga yetarli shart-sharoit yaratish, ularni xorijda xavfsiz va kafolatlangan ish bilan taʼminlash, salomatligi va hayotini har turli koʻngilsizliklardan saqlash maqsadida keyingi yillarda qator ishlar qilinmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi. Natijada chet elga qatnab ishlayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan oʻzgarib, mehnat migrantlari bilan muloqot oʻrnatilayotgani, ularning muammo va ehtiyojlarini oʻrganish hamda hal qilish boʻyicha yangi tizim joriy qilingani bu toifa yurtdoshlarimiz uchun koʻpdan kutilgan voqelik boʻldi.

Xususan, xorijda ishlayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etilib, mehnat migrantlarining hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash, ularning oila aʼzolari uchun ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy qilindi. Shu qatorda, chet elga qatnab ishlayotgan yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, musofirchilikdan qaytgan fuqarolarning reintegratsiyasini taʼminlash, ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun qulaylik yaratishga doir kompleks chora-tadbir koʻrilmoqda.

Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasidagi vakolatli organlar faoliyatini takomillashtirish, xorijda ishlamoqchi boʻlgan shaxslarni talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish, fuqarolarning chet elda boʻlish davrida huquqlarini himoya qilish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini taʼminlash, ular oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash diqqat markazida.

Chet elga qatnab ishlashga qaror qilgan mehnat migrantlari uchun Rossiya Federatsiyasining «RJD Stroy» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan bir necha shartlar asosida yuqori maosh, kafolatlangan ish oʻrni taklif etilmoqda. Bu borada aksiyadorlik kompaniyasi mamlakatimizdan ishlashga borayotgan havaskorlar oʻrtasida tanlov eʼlon qilgan.

«RJD Stroy» korxonasining talabnomasiga asosan, Buxoro Arxitektura va qurilish kolleji binosida oshpazlik, haydovchilik va qurilishning qator yoʻnalishlari boʻyicha ishlash istagidagi fuqarolar ishtirokida tanlov tadbirlari tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25-yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band boʻlmagan aholini oʻqitishni tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal vazifasini oʻtamoqda. Tanlovda ishtirok etgan talabgorlar, kasb-hunarga oʻqiyotganlardan tashqari yana 200 dan ortiq havaskor yoshga ish beruvchi, yaxshigina oylik maosh taklif etayotgan buyurtmachi korxona vakili tomonidan ish tartibi, yaratilgan shart-sharoit, hujjatlarni rasmiylashtirish, mehnatga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Tanlovdan oldin Rossiyaning «RJD stroy» kompaniyasi departamenti boshligʻi Svetlana Muravyova 7-iyul kuni viloyat hokimligida boʻlib, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Nozimjon Xolmurodov bilan uchrashdi. Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi Anvar Hamroyev, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali rahbari Anvar Hamdamov ishtirokida oʻtgan muzokarada ikki tomonlama imzolangan kelishuv bitimi shartlari, mehnat migrantlariga xorijda yaratilgan shart-sharoit xususida axborot berildi. Uchrashuvda viloyatda oʻtkazilayotgan tanlovda ish beruvchilar tomonidan tanlab olingan fuqarolarni xorijga joʻnatishdan oldin kompleks tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, yangicha muhitga koʻniktirish, xavfsiz va kafolatlangan ish bilan taʼminlash masalasi muhokama qilindi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.