Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Oʻzbekiston turizm salohiyati namoyish etildi

    Turizm 22 Sentabr 2024 605

    “Oʻzbekiston turizm yili” doirasida Rossiya Federatsiyasida turli shaharlarida boʻlib oʻtayotgan “road show” tadbirlarining navbatdagi dasturi Sankt-Peterburg shahrida davom ettirildi.

    Ushbu tadbirda Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalamov boshchiligidagi delegatsiya, Oʻzbekiston va Rossiya turizm sohasi vakillari, jumladan, 70 dan ortiq turfirmalar qatnashdi.

    Tadbirda mamlakatimiz turizm salohiyatini yoritib beruvchi taqdimot hamda Oʻzbekiston turoperator, mehmonxona va sohaning boshqa tur vakillari tomonidan oʻzlarining turistik mahsuloti, yoʻnalishi hamda Rossiya va Oʻzbekiston shaharlari orasida joriy etilgan aviareyslar haqida tadbir ishtirokchilariga maʼlumot berildi.

    Shuningdek, yuqoridagi tadbirlar yakunida ishtirokchilarga Oʻzbekistonning boy madaniyati va milliy taomlarini tanishtirish maqsadida milliy kuy, qoʻshiq va raqslari namoyish etilib, oʻzbek milliy taomlari tarqatildi.

    “Road show” doirasida Rossiya rasmiylari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda ikki davlat oʻrtasida madaniy va tarixiy turizmni rivojlantirish, hamkorlikda madaniy tadbirlar va tur marshrutlar ishlab chiqish, reklama va PR-kampaniyalarini tashkil etish hamda mehmonxona biznesini va transport xizmatlarini rivojlantirish sohasida ikki tomonlama oʻrganish oʻtkazish taklif etildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Tadbirda Oʻzbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsuli Abdurahmon Mahmudov hamda Sankt-Peterburg turizmni rivojlantirish qoʻmitasi raisi Yevgeniy Pankevichlar ishtirok etdi.