«Vedi Group Ural»  turkompaniyasi xorijga sayohat yo‘nalishlarini ishlab chiquvchi Rossiyadagi yirik shirkatlardan biri hisoblanadi. U ikkita turoperatorga ega, ular Moskva va Yekaterinburg shahrida joylashgan. «Vedi Group Ural» turoperator-tashkilotchi sifatida «Xo‘ja Nasriddin qidirilmoqda» va «Qadimgi usta sirlari» kabi sayyohlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.  

Muzokaralar davomida O‘zbekistonga Rossiya hududlaridan sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.

«Vedi Group Ural» sayyohlik shirkati rahbari Vera Timofeyevaning taʼkidlashicha, Rossiya turagentliklari va reklama menejerlari O‘zbekiston yo‘nalishida sayyohlarni jalb etishdan  manfaatdordir. U shuningdek, O‘zbekistonga nafaqat katta yoshdagilarni sayohatga yuborish, balki maktab o‘quvchilarini mamlakatimizdagi yozgi oromgohlarga jo‘natish masalasini o‘rganib chiqish taklifini bildirdi.

Bosh konsulxona xodimlari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirar ekan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chotqol” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi haqidagi maʼlumotlar hamkorlarga taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida joriy yilda rossiyalik hamkor turkompaniyalar rahbarlarini jalb qilgan holda birgalikda O‘zbekistonga infotur tashkil etishga kelishib olindi.