Ayni paytda mamlakatimiz bozorlarida qoramol go'shti o'rtacha 70–80 ming so'mgacha sotilmoqda. Ilgari qo'y go'shti mol go'shtiga qaraganda qimmatroq bo'lardi. Hozir esa qoramol go'shti narxining keskin oshib borishi bu nisbatni yo'qqa chiqardi. Bu boradagi e'tirozlar ham o'rinli. Aslini olganda bu holatga har yili duch kelamiz.
Narx-navo 3 yil oldin qanday edi, hozir-chi?
Davlatlarning ijtimoiy hayotida jamoatchilik fikri muhim o'rin tutadi. Ayni vaziyatda ham narx-navoning balandligi em-xashak narxining oshib ketishi, shuningdek, quyi qatlam vakillarining cho'ntagi e'tiborga olinmayotgani bilan baholanmoqda. Xo'sh, go'sht narxining keskin ko'tarilishiga qanday omillar sabab bo'lmoqda?
Statistik ma'lumotlariga ko'ra, 2018 yili mol go'shti 28 000 so'mdan 41 000 so'mgacha, qo'y go'shti esa 28 000 so'mdan 43 000 so'mgacha sotilgan ekan. Bugun esa, 2-3 barobar qimmat sotilmoqda.
2020 yil 1 iyul` holatiga ko'ra, O'zbekistonda aholi soniga nisbatan qoramol 36,8 foizni tashkil etgan. Bu esa ming nafar kishi jon boshiga 368 bosh qoramol to'g'ri keladi, degani. O'zbekistonda sanoat yo'li bilan boqiladigan qoramollarning jami 5 foizini tashkil qiladi. Qolgan 95 foizi aholi tomonidan etishtirilmoqda. Bundan ko'rinib turibdiki, go'sht mahsulotlarining asosiy qismi aholi xonadonlari orqali bozorga chiqadi. Bu esa, o'z navbatida, em-xashak narxlari, ob-havoning noqulay kelishi kabi bir qator tabiiy omillar, chorva kredit foizlarining qimmatligi tufayli bozorda narxlarning nazoratdan chiqishiga sabab bo'ladi. Barcha iqtisodchilarning fikricha, narxlarni nazorat qilish, umuman, barcha mahsulot turlariga nisbatan ham maqbul echim bo'la olmaydi. Narxni sharoitdan kelib chiqib bozor belgilashi kerak. YAxshi va sifatli mahsulotni xaridor baribir o'sha qimmat narxda sotib oladi. Bunday oldi-sotdini cho'ntagi ko'tarmaydiganlar esa sifatsiz mahsulot olishga rozi bo'ladi. Bundan bir-ikki yil avval xuddi shunday go'sht narxi qimmatlashuvi va narxlarga cheklov o'rnatilishi ortidan bozorga eshak go'shtlari va o'lgan mol go'shtlari ham kirib kelgani hech kimga sir emas. Aytishlaricha, hozir 60–70 ming so'm cheklov bilan chiqarilayotgan go'sht esa asosan so'yilishga mo'ljallangan, 2-3 oy bioqo'shimchalar bilan boqilgan qoramollarniki. Ular tez vazn oladi, ammo go'shtining asosiy qismi yog' bilan qoplangan bo'ladi.
Qoramol boqish qiyinlashdimi?
Toshkent shahri bozorlarida asosan Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari shaxsiy dehqon xo'jaliklari hamda fermerlari tomonidan boqilgan qoramollar go'shti sotiladi.
Fermerlarning ta'kidlashicha, bir yoshga to'lgan oriq buqani bo'rdoqiga boqish uchun kamida 3 oylik mehnat talab etiladi. Bunda har kuni unga o'rtacha 9 kg em, ya'ni 3 kg shrot, 2 kg kepak, 3 kg sheluxa va 1 kg maydalangan makkajo'xori yoki bug'doy aralashmasi beriladi. Bundan tashqari, kuniga qo'shimcha 7-8 kg atrofida beda yoki dag'al xashak berib boqish kerak. Hozir qo'lda bir bog' presslangan beda, somon, shrot narxlari hisobga olinsa, qoramol boqish xarajati qanchaga tushishini hisoblab chiqish qiyin emas.
Respublika bo'yicha em mahsulotlari etkazib beruvchi korxonalar faoliyati o'rganilganda, ular em-ozuqaga bo'lgan talabning bor-yo'g'i 12-15 foizinigina qondirishi mumkinligi oydinlashdi. Bu ham faqat tegishli grafik asosida belgilangan iste'molchilarga sotiladi, xolos. Aholining qariyb 85 foizi emni savdogarlardan sotib olishga majbur bo'lmoqda.
SHahboz ABDUSATTOROV,
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xodimi