Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozogʻiston davlat chegarasidan oʻtkazish masalasi boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozogʻiston tomoni bilan kelishuvga binoan, Oʻzbekiston fuqarolarini yoʻlovchi poyezdlari orqali olib kelish jarayoni amalga oshirilmoqda. Navbatdagi yoʻlovchi poyezdi yurtdoshlarimizni Rossiyaning Rostov viloyatidan olib kelishga Toshkentdan joʻnab ketdi.

Gnilovskaya – Toshkent yoʻnalishidagi poyezd 918 nafar yoʻlovchi bilan 10-avgust kuni yoʻlga chiqadi. Ushbu yoʻlovchi poyezdida ogʻir kasallanganlar va ularga hamrohlik qiluvchilar uchun maxsus joylar ajratilgan.

Mazkur reys chiptalari faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun sotilmoqda. Yoʻnalishdagi chipta narxi 2 079 700 soʻm (14 855 rubl)ni tashkil etadi. Yoʻl davomida yoʻlovchi poyezdlar faqat texnik koʻrik uchun toʻxtatiladi,yaʼni stansiya-vokzallarda yoʻlovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezdlar Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi,Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi, deb xabar beradi “Oʻztemiryoʻlovchi” AJ matbuot xizmati.

Ushbu reyslarda olib kelingan yoʻlovchilar poyezdlardan tushishi bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi. Aynan shu jihatni inobatga olgan holda xabarda yoʻlovchilarning qarindosh va yaqinlaridan ularni kutib olish maqsadida vokzalga tashrif buyurmasliklari soʻraladi.