“El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlarida ishtirok etib g‘olib bo‘lganim menga Shveysariyaning Cesar Ritz Colleges Switzerland oliy o‘quv yurtida o‘qish imkoniyatini berdi. Bu universitet 2022-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra QS WUR Ranking by Subject reytingida 6-o‘rin egallagan. Ushbu OTM Buyuk Britaniyaning Derbi va AQSHning Vashington universiteti bilan hamkorlik qiladi.
Cesar Ritz Colleges Switzerland universitetini tanlashimning sababi u Shveysariya ta’lim guruhi maktablaridan biri, Shveysariya mehmondo‘stlikni boshqarish maktablari alyansi hisoblanadi. Ushbu universitet Le Buvere shahrining ko‘l yaqinida va Brig shahrining tog‘lari orasida 2 ta kampusni o‘z ichiga oladi. Universitet ta’limi Shveysariya an’analari, biznesni boshqarish va tadbirkorlikka Amerika-Britaniya yondashuvi asosida qurilgan. Mehmondo‘stlik biznesini boshqarish dasturi (Bachelor of Arts in Hospitality Business Management) hamda Xalqaro mehmondo‘stlik va turizm sanoati (Master of Arts in Entrepreneurship for the Global Hospitality and Tourism Industry) yo‘nalishlarida tahsil olish mumkin.
Shveysariyada xorijiy talabalar yoki mamlakat fuqarolari uchun byudjet mablag‘lari hisobidan o‘qish imkoniyati yo‘q. Grantlar va qisman stipendiyalar o‘qish uchun haq to‘lashga yordam beradi, ularning aksariyati xorijliklarga ko‘mak berish uchun mo‘ljallangan. Ma’lumki, yashash xarajatlarining o‘zi sizga qimmatga tushadi. Men davlatimiz tomonidan biz yoshlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak va “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli universitetida tahsil olganimdan juda xursandman.
O‘qish jarayoni va amaliyot
Ha, Cesar Ritz Colleges Switzerlandga kelgan har bir talaba o‘z baxtini izlash uchun kelgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Imkoniyatlar ko‘p, lekin ulardan foydalanish uchun vaqt juda tig‘iz. O‘qish davomida vaqtingizni to‘g‘ri sarflashingiz kerak, dedlaynlar tez kelib qoladi, kurs ishlarimni dedayndan 1-2 kun oldin yuklab qo‘yar edim, ba’zi talabalar bo‘lsa dedlaynda o‘qishni yaxshi ko‘rishar edi. O‘qish davomiyligi bu bir yillik magistratura dasturi, ya’ni olti oylik o‘qish va 4-6 oylik amaliyot o‘tiladi. Sizga professorlar, tadbirkorlar, tadbirkor sifatida haqiqiy biznesni qanday yuritishni o‘rgatadi, juda ko‘p qiziqarli fanlar, korporativ tadbirkorlik, biznes tadqiqotlari, strategik marketing, yetakchilik, raqamli marketing, inson resurslari (soat) va boshqalar o‘qitiladi.
O‘qish davomida qiyinchiliklar
Qiyinchiliklarsiz hayot hayot emas, ha, ingliz tilini bilsangiz ham, baribir boshlanishiga qiyin bo‘lar ekan. Shveysariyada faqat ingliz tili bilan cheklanib qolmaysiz, o‘qish davomida sizga nemis yoki fransuz tilini taklif qilishadi, albatta, bu o‘zingiz uchun, men fransuz tilini ikkinchi til sifatida tanlagan edim va biz bu tilni ingliz tili orqali o‘rganar edik, (bu qiyin edi). Bizga fransuz tilini noldan boshlab puxta o‘rgatishdi. Natijada ikkinchi til bo‘yicha ham natijam yaxshi bo‘ldi.
Qatarda amaliyot
O‘qishni yakunlashdan oldin barcha talabalar amaliyot o‘tash joyini izlashlari kerak, yuqorida aytib o‘tganimdek u ham 2 turga bo‘linadi: full-taym 4 oy yoki part-taym 6 oy. Shveysariya ta’lim guruhining hamkorlar bilan vakolatxonasi barcha talabalar uchun IRF (Xalqaro ishga qabul qilish forumi)ni tashkil qiladi. Unda talaba o‘zi stajirovka o‘tamoqchi bo‘lgan kompaniyani tanlashi mumkin. Ular ham sizni tanlashi kerak, siz o‘z rezyumengizni ish beruvchiga yuborasiz, keyin ish beruvchilar sizni tanlaydi. Intervyu tashkil qilinadi va ularga ma’qul kelsangiz, siz eng yaxshi kompaniyadan stajirovka o‘tashingiz uchun taklif olasiz.
Men Accor Groupdan kelgan ish beruvchilarni tanladim. Ular mendan qaysi sohani va yo‘nalishni tanlashimni so‘rashganda marketing yoki hr deb aytgan edim. Taxminan iyun oyining boshlarida ular qayerdanligim, qayerda o‘qishim, til bilish darajasini tekshirib ko‘rishdi va men taklif oldim. O‘qishim tugaganidan so‘ng Qatarga yo‘l oldim.
Qatarning Doha shahrida stajirovka o‘tay boshladim. Men bir vaqtning o‘zida ilmiy rahbarim bilan dissertasiyani olib borishim va universitet bilan aloqada bo‘lishim kerak edi. Dohadagi The Living Adventure kompaniyasida Talent & Culture koordinator lavozimida ish yuritishni boshladim.
Qatarga Jahon chempionatiga kelgan mehmonlarni qabul qiladigan apartamentlar, villalarni boshqarish va tadbirlarni tashkil etish maqsadida Qatar hukumati xorijiy kompaniya Accor Groupni yolladi. Yevropada bu mehmondo‘stlik biznesidagi eng yirik kompaniya va operator hisoblanadi. Qatarning yetkazib berish va meros bo‘yicha oliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mezbon davlatning ko‘chmas mulk portfeli 2022 yil oxirigacha Accor tomonidan boshqariladi. Accor Group kompaniyasi ishchilar yordamida arab davlati bo‘ylab turli apartamentlarda va villalarda joylashgan 60 000dan ortiq xonalarni boshqaradi va ularga xizmat ko‘rsatadi (Mills,2022). Kompaniyaning asosiy maqsadi futbol bo‘yicha 2022 yilgi Jahon chempionati vaqtida turar-joy binolarida yashovchi muxlislarga mehmondo‘stlik xizmatlarini ko‘rsatish edi.
2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida The Living Adventure kompaniyasi 1 million mehmonni qabul qildi. Jahon kubogi muxlislari butun dunyodan kelganligi sababli, mijozlar segmentasiyasi globaldir.
Men HR bo‘limining E va F klasterlarida Talent&Culture koordinatori bo‘lib ishladim. Boshqa klasterlar qatorida bu klaster katta edi, jami 3000ga yaqin xodim faoliyat olib borar, umumiy kompaniyada esa 30000 mingga yaqin odam bor edi. Har bir klasterda sayt operasiyalari menejeri, front-ofis menejeri va kompaniyaning barcha xodimlariga g‘amxo‘rlik qiladigan boshqa xodimlar mavjud. Bu joylar ishchilarga g‘amxo‘rlik qilish va firmada ishlaydigan har bir kishi o‘z ishini to‘g‘ri bajarishiga ishonch hosil qilish uchun zarurdir. Klaster mas’uliyatiga kompaniya xodimlarining uch mahal ovqatlanish, transport, uy-joy va sug‘urta qoplamalari bilan ta’minlash, shuningdek, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish ham kiradi.
Talent&Culture koordinatorining asosiy vazifasi — bu kompaniyaga kelgan 3000 kishi bilan ishlaydigan xodimlar bilan ishlash, zarur bo‘lgan hamma narsani ta’minlash, ya’ni har bir kishi uchun tibbiy sug‘urta, bank hisob raqamlarini ochish, har bir xodimni moslashtirish, raqamlashtirishda har qanday qiyinchiliklarga yordam berishdir. Ya’ni ular sizning berilgan raqamingiz bo‘yicha barcha hujjatlaringizni topishlari mumkin. Qatarda sizning butun hayotingiz, biznesingiz raqamlashtirilgan, sizning telefon raqamingiz orqali sizni osongina aniqlash, smart shahar nuqtai nazaridan uni eng rivojlangan davlat bilan solishtirish mumkin.
Shveysariya va Qatar: o‘ziga xos jihatlar
Albatta, hamma joyning o‘z qoidalari bor. Shveysariyada odamlar sizning millatingizdan qat’i nazar, juda qadrlashadi, inson kapitali eng yuqori darajada, o‘qish paytida sizga oddiy talaba sifati emas, balki potensial mijoz, kelgusida menejer yoki tadbirkor sifatida qarashadi. Shveysariyada bepul ta’lim yo‘q, grantlar bo‘lishi mumkin. Ularning eng yaxshi tajribasini o‘zlashtirishimiz, oliy ta’lim tizimida bakalavriat va magistratura bosqichida yirik kompaniyalarda yoki davlat xizmatida stajirovkalarni joriy qilishimiz kerak.
Doha smart siti hisoblanadi. Texnologiyalar juda rivojlangan. Oddiy misol, shaharga birinchi marta kelayotganingizda siz platforma orqali onlayn ruxsat olishingiz kerak, barcha ma’lumotlaringiz platformaga kiritilgan bo‘lishi lozim. Kelganingizda taklif qilgan kompaniya QID olishingizga yordam beradi, bu bir yillik viza degani. Kompaniya tomonidan berilgan sim-karta yoki o‘zingiz olgan sim-kartangizni kiritishingiz kerak bo‘ladi. Agar siz qonunga zid ish qilsangiz yoki tartib-qoidani buzsangiz telefon orqali sizni darhol topib olishadi, qayerda, qaysi kompaniya, qachon kelganingiz chiqib keladi. Shveysariyada ham shunday edi, uzoq muddatga kelsangiz ID beriladi, kiberjinoyatga qarshi bu juda kerak. IDni ichida barcha ma’lumotlar raqamlashtirilgan bo‘ladi. Dohaning jamoat transportida metro va avtobuslar smart tizimda ishlaydi. Yo‘l haqini smart yoki maxsus ilova orqali to‘ldirishingiz mumkin. Bu Yevropada ham bor. Eng e’tiborga molik jihati metro vagonlarida mashinistlar yo‘q, avtomatik tarzda va o‘z vaqtida yuradi. Ikkita davlatning tajribasini o‘rganish, shaharlarimizni smartlashtirish, raqamlashtirish va komfortlashtirish mumkin, deb o‘ylayman.
Eng muhimi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati o‘z mevasini bermoqda, ko‘plab yigit-qizlar o‘qishni bitirib, davlatimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilmoqda. Men ham oldinda yangi maqsad sari intilib va Vatanimiz ravnaqi va kelajak istiqbolimizni rivojlantirishga albatta o‘z hissamni qo‘shaman.
Mirziyo SODIQOV,
Shveysariyaning Cesar Ritz Colleges Switzerland
universiteti magistri