Roʻyxatdan oʻtish: yangi qoidalar

    Mamlakatimizda 30 Dekabr 2021 1904

    Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi “Fuqarolarni doimiy yashash va turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 785-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat Prezidentning 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son hamda 2020-yil 22-apreldagi PF-5984-son farmonlariga muvofiq qabul qilindi.

    Qaror bilan quyidagi hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:

    • Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom (VMning 2018-yil 22-oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan);
    • Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom (VMning 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan).

    Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom (VMning 2018-yil 22-oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan) yangi tahrirda bayon etildi. Unga koʻra:

    birinchidan, fuqarolar pasportlari bilan bir qatorda ID-kartalarni ham taqdim etishlari mumkin;

    ikkinchidan, fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida roʻyxatdan oʻtishlari shart. Avvalgi tahrirda fuqarolar roʻyxatdan oʻtish uchun hujjatlarni 10 kun ichida taqdim etishlari shart edi;

    uchinchidan, tugʻilgan bola Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda — FHDYO) tomonidan unga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtirish chogʻida otasi yoki onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manziliga idoralararo elektron hamkorlik orqali maʼlumotlarni kiritish yoʻli bilan doimiy roʻyxatga olinadi;

    toʻrtinchidan, uy-joy kodeksida belgilangan bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanilmaydigan fuqarolar roʻyxati belgilandi;

    beshinchidan, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olishni bekor qilish huquqiga ega boʻlgan holatlar roʻyxati kengaytirildi. Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:

    • sudning fuqaroni uy-joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan, shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topish va koʻchirish haqidagi qarori asosida;
    • fuqaro qonunda belgilangan tartibda xorijga doimiy yashashga ketganda;
    • umrbod ozodlikdan mahrum qilinganda — sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi asosida;
    • vafot etganda — FXDYO organining oʻlim haqidagi guvohnomasi yoki maʼlumotnomasi asosida.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (VMning 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan) qoʻshimcha kiritildi. Unga koʻra, fuqaro xorijga doimiy yashashga ketayotganda, fuqarodan qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan oʻz ota-onasining va turmush oʻrtogʻining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek, agar birgalikdagi nikohdan voyaga yetmagan bolalari boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush oʻrtogʻining notarial tasdiqlangan roziligi, ular vafot etgan yoki bedarak yoʻqolgan hollarda esa – vafot etganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning yoki sudning shaxsni bedarak yoʻqolgan deb eʼtirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusxasi talab etiladi.

    Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritildi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 29.12.2021-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.