Og'ir holatdagi yurak qon-tomir kasalliklari va koronavirus infektsiyasi pandemiyasi davrida tserebrovaskulyar kasalliklar sonining keskin oshganligi natijasida viloyatda yagona ixtisoslashtirilgan bo'lim hisoblangan kardioterapevtik va neyroreanimatsiya bo'limlarining tig'iz rejimda, katta yuklama bilan faoliyat yuritishiga olib keldi.
Bu esa Buxoro viloyatning barcha hududidan ehtiyotsizlik natijasida kuyish jarohatini olganlar, zaharlanganlar, og'ir holatdagi o'tkir va surunkali buyrak etishmovchiligi mavjud bemorlarga ixtisoslashgan yordam ko'rsatishni yanada takomillashtirish, davolashning sifat samaradorligini yaxshilash, o'tkir buyrak etishmovchiligi hamda ekstrokorporal toksikatsiya bilan og'rigan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni o'z vaqtida standartlar bo'yicha tashkillashtirishda qator noqulayliklarni keltirib chiqargani ham mubolag'a emas.
SHu boisdan Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan yangi tuzilma ko'rinishida filialning kombustiologiya bo'limi binosida yangidan 6 o'ringa mo'ljallangan kombustiologik toksikologiya reanimatsiyasi bo'limi tashkil qilingani tibbiy personalning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay imkoniyat bo'ldi. YAngidan tashkil qilingan bo'lim ochilishida filial mutasaddilari va shifokorlari bilan birga, viloyat hokimligi Sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari Ixtiyor Abdulxakov va boshqa muassasalardan hamkasblar ishtirok etdilar.
Kombustiologik toksikologiya reanimatsiyasi bo'limi mudiri lavozimiga ko'p yillik tajribaga ega mutaxassis, filialning oliy toifali reanimatolog vrachi YAshnar Olimov tayinlandi. Muhimi, endilikda yuqoridagi kabi baxtsiz hodisalarga uchrab, og'ir jarohat olib kasalhonaga yotqiziladigan bemorlarni imkon qadar tez fursatda davolab, oyoqqa turg'azishda mazkur bo'lim ahamiyati katta, albatta.
RSHTYOIM Buxoro filiali axborot xizmati