“Shaharda jinoyatchilik 2 mingtaga kamaytirildi” deb hisobot berilgani bilan poytaxtdagi 26 ta mahalla “qizil”, 465 tasi “sariq” toifada qolgan.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zoʻravonlik, talonchilik, bezorilik boʻyicha, Yunusobod bosqinchilik boʻyicha birinchi oʻrinda. Yoki oʻtgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng koʻp boʻlgan.

Shu bois, yaqinda ushbu tumanlar ichki ishlar boshliqlarining barchasi yangi qoʻyildi. Ular tashabbus qilib, hududida jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha keskin oʻzgarish qilishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish oʻrniga Toshkent shahar IIBB boshligʻi R.Sultonxoʻjayev, Toshkent shahar prokurori v.b. A.Oʻrmonov faqat mikroavtobusda shahar aylanish bilan bandligi tanqid qilindi.

Qayd etilganidek, ular 12 ta tuman hokimi, ichki ishlar boshligʻi, prokurori, “mahalla yettiligi” va jamoatchilik bilan hamjihat ishlasa, 7,5 mingta jinoyatning oldini olsa boʻlar edi.

R.Sultonxoʻjayev va A.Oʻrmonovga “hayfsan” berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.