Oʻzbekistonda Qishloq xoʻjaligi vazirligi Rungis Semmaris kompaniyasining ishtiroki bilan Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan sakkizta yirik agrologistika markazlar tarmogʻini yaratish va boshqarish loyihasi amalga oshirishni rejalashtirgan.

Ushbu ulkan agrologistika markazlari yirik shaharlarning chekkalarida quriladi – ularning umumiy maydoni qariyb 200 gektarni tashkil etadi, umumiy quvvati esa yiliga 3 million tonnadan ortiq boʻladi.

Eng yirik Toshkent agrologistika markazi 70-100 gektar maydonni egallaydi, eng ixchami esa Xorazmda —10 gektar maydonni egallaydi.

Agro markazlarning asosiy maqsadi mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashqi bozorga chiqish uchun tayyorlash jarayonini xalqaro darajaga yetkazishdir.

Har bir agrologistika markazida barcha zarur obyektlar jamlanadi bular: kross-doklar, savdo pavilyonlari, mehmonxonalar, tijorat banklari hamda xizmatlar: saralash, kalibrlash, quritish, qayta ishlash, saqlash, tashish, yetkazib berish, bojxona rasmiylashtiruvi, karantin, oziq-ovqat xavfsizligini sertifikatlash, mutaxassislar maslahatlari boshqalar jamlanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra sakkizta agrologistika markazlari bazasida qariyb 10 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Rungis Semmaris kompaniyasi Parij chekkasidagi yillik aylanmasi 9 milliard yevro boʻlgan dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va logistika markaziga egalik qiladi hamda butun dunyo boʻylab oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji bozorlarini qurish va tashkil etish boʻyicha yetakchi tajribaga ega, deb xabar beradi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi matbuot xizmati.