Yurtimizda barcha sohalar qatori maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va diniy sohalarga ham yuksak eʼtibor qaratildi. Dinga boʻlgan munosabat ijobiy tomoniga oʻzgardi.

Yangitdan masjidlar qurildi, avvalgi madrasa va ziyoratgohlar qayta taʼmirlandi va bu bilan ichki turizm ham rivojlandi. Shuningdek, boshqa din vakillarining ham huquq va erkinliklari taʼminlandi. Qisqa qilib aytganda, dinga boʻlgan munosabat yana-da rivojlandi, yoshlarimizni diniy bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Ammo keyingi paytlarda hech qanday diniy savodga ega boʻlmasada, yoshlarga diniy taʼlim taʼlim berayotganlar tez-tez uchramoqda. Maxsus bilimga ega boʻlmasdan diniy faoliyat bilan shugʻullanish qonunlarimizda ham taqiqlangan.

Viloyatimiz hududida oʻtkazilgan tadbir davomida Kosonsoy tumanida yashovchi A.S. yashash xonadonida ayollarga diniy taʼlim berib oʻqitayotgan maʼlum boʻldi. U hech qanday diniy maʼlumotga ega ega emas. Oʻqitish jarayonida u diniy suhbatlar oʻtkazib, ularga tushunchalar berib borgan, ularga namoz oʻqish qoidalarini, diniy bilimlarni oʻrgatgan.

A.S. oʻzining bu xatti harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 241-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan.

Ushbu maʼmuriy huquqbuzarlik ishi jinoyat ishlari boʻyicha Kosonsoy tuman sudi tomonidan koʻrib chiqilgan va A.Sni Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 241-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari miqdorida yaʼni 1.225.000 soʻm jarima jazosi tayinlangan.

Mamlakatimizda eʼtiqod erkinligi toʻla taʼminlangan. Diniy taʼlim olish istagida boʻlgan fuqarolar uchun diniy muassasalarda bilim olish imkoniyati yaratilgan. Har bir mahallaning oʻz masjidi bor. Ammo, yaratib berilgan sharoitlarga qaramasdan baʼzilarning diniy bilimga ega boʻlmagan fuqarolarning etagini tutayotganligiga nima deyish mumkin?! Savodsiz mullalar buzgʻunchi gʻoyalarni targʻib qilmasligiga, yoshlarni diniy-ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushirib qoʻymasligiga kim kafolat beradi? Aslida maʼrifatdan yiroqlik, maʼnaviyatsizlik odamlarni toʻgʻri yoʻldan adashtiradi. Shu bois doim ogoh boʻlishimiz shart.

Samadjon Qodirov,

JIB Kosonsoy tuman sudi raisi