Gubernator Toshkentda Ryazan viloyatida faoliyat yuritayotgan korxonalar mahsulotlarini namoyish etuvchi shourum ochilganini maʼlum qilib, oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda mazkur hodisa ahamiyatli ekanligini taʼkidladi. Ryazan viloyatida faoliyat yurituvchi 56 ta korxona besh yuzga yaqin mahsulot namunalarini ushbu shourumda taqdim etadi, oʻnta korxona rahbarlari esa muloqot qilish, aloqa oʻrnatish va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. Iqtisodiy hamkorlikning ahamiyatiga urgʻu bergan gubernator madaniy aloqalar muhimligini ham taʼkidlab, Ryazandagi oʻzbeklarning katta diasporasi haqida toʻxtalib oʻtdi va kelgusi yilda “Ryazanda Toshkent kunlarini” oʻtkazish va Ryazan sanʼatkorlarining Toshkentga gastrol safarini tashkil etish niyati borligini maʼlum qildi.

Toshkent hokimi hamkorlik va sheriklik zarurligini taʼkidlab, shourumning ochilishi samarali hamkorlikning yangi bosqichga chiqishiga dalil deb hisoblashini aytdi. Shuningdek, faqat iqtisodiy sheriklik bilan cheklanib qolmasdan, aloqalarni kengaytirishni va madaniy dasturlar almashishni, yoshlarni tadbirlarga keng jalb etishni taklif qildi.

Oʻzaro muloqot davomida hokim va gubernator koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish borasidagi ishlar holatini muhokama qildilar va fuqarolarni emlashga ragʻbatlantirish usullari haqida maʼlumot almashdilar.

Tomonlar texnoparklarni tashkil qilish tajribasi bilan ham oʻrtoqlashdilar va iqtisodiyot, madaniyat hamda turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.