S. Safoyev: Parlamentlararo hamkorlik mexanizmlari orqali Oʻzbekiston tashqi siyosatining mazmun-mohiyatini xalqaro miqyosda faol targʻib qilish muhimdir

    Mamlakatimizda 30 Iyul 2021 323

    Senatning oʻn yettinchi yalpi majlisida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiya yakunlaridan kelib chiqadigan vazifalarga Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev toʻxtalib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning xalqaro konferensiyada ilgari surgan tashabbuslarining tub mazmun-mohiyatini, ularning xalqimiz farovonligi uchun amaliy ahamiyatini mamlakatimiz keng jamoatchiligi, yoshlarga yetkazish dolzarb ahamiyatga ega.

    Bu borada Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligi: shartlari, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

    Parlamentlararo hamkorlik mexanizmlari orqali Oʻzbekiston tashqi siyosatining mazmun-mohiyatini xalqaro miqyosda faol targʻib qilish muhimdir.

    Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari parlamentlari oʻrtasida aloqalarni izchil rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni mintaqalar davlatlari oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlovchi muhim omil sifatida yana-da jadallashtirish lozim.

    Bu borada tegishli guruhlar rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari parlamentlari bilan hamkorlik guruhlarining navbatdagi yigʻilishlarini tashkillashtirish boʻyicha tashabbus bilan chiqish zarur.

    BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha tashabbusni parlamentlararo darajada targʻib qilish va ilgari surish muhimdir.

    Maʼlumki, hozirgi kunda mamlakatimiz va BMT oʻrtasidagi hamkorlikka oid “Yoʻl xaritasi” bajarilishini nazorat qilish Senat zimmasiga yuklatilgan. Oʻylaymanki, konferensiya yakunlari boʻyicha bu hujjatga tegishli oʻzgartirishlar kiritib, yuqorida qayd etilgan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish jarayonini ham monitoring obyektiga kiritish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati