Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar shuni koʻrsatmoqdaki, xususiy qurilish korxonalarining koʻpayishi maydonga vaʼdaboz quruvchilarni kirib kelishiga ham sabab boʻlmoqda.
Xorazm viloyati Urganch shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Shovot tumani “Uzun koʻl” mahallasida yashovchi Dilnur Jumaniyozov murojaat qilgan. Fuqaroning aytishicha, u “Art Xaus” MCHJ qurayotgan yangi uylardan xonadon olish uchun boshlangʻich toʻlov sifatida 50 million soʻm toʻlagan. Shartnomaga asosan 2020-yil 1-oktyabrda yangi uyning qurilish ishlari tugallanib, xonadonlar oʻz egalariga topshirilishi lozim boʻlgan.
D.Jumaniyozov 2021-yil fevral oyiga qadar oyma-oy uy uchun qolgan toʻlovlarni ham toʻlab kelgan. Uysiz, qishning sovugʻida, yozning saratonida ijarama-ijara yurgan insonlar bu qanday ogʻir holat ekanini yaxshi biladi. Kutish bunday paytda ogʻriqli jarayon. Yangi xonadonga koʻchishni kutishdan charchagan fuqaro Urganch shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilishga majbur boʻlgan.
Aslida har qanday sabrning ham chegarasi bor. Isteʼmolchining arzi jamiyat xodimlari tomonidan jiddiy oʻrganildi. “Art Xaus” MCHJ tomonidan qurilayotgan uy yaqin orada qurilish ishlarini tugatmasligi ayon boʻldi. Federatsiya xodimlarining astoydil saʼy-harakatlari sabab isteʼmolchi Dilnur Jumaniyozovga uy-joy uchun toʻlagan 66 626 000 soʻm mablagʻi oʻz vaqtida qaytarib berildi.
Gulnoza SHARAFOVA,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi
axborot xizmati xodimi