Sabzavot va mevalarning kasalligini aniqlaydigan sun'iy intellektga asoslangan tizim ishlab chiqildi

    Rossiyalik tadqiqotchilar sabzavot va mevalarning turli kasalliklarini aniqlay oladigan sun'iy intellekt tizimini ishlab chiqdi.

    Ushbu tizim “Skoltex” katta o'qituvchisi Andrey Somov boshchiligida “Skoltex” va Sankt-Peterburg davlat aerokosmik asboblar universiteti tadqiqotchilari guruhi tomonidan ishlab chiqildi. Ushbu tadqiqot guruhi uzoq vaqt davomida turli mahsulotlarni, jumladan, sabzavot va mevalarni taniy oladigan sun'iy intellekt tizimlarini yaratish ustida ishlamoqda.

    Olimlar yangi tadqiqot ishini o'zlari ishlab chiqqan neyrotarmoqlarni muhim va ayni paytda juda ko'p mehnat talab qiladigan vazifa – yig'im-terimdan keyin sabzavot va mevalarni saqlash vaqtida ta'sir etuvchi turli nuqson va kasalliklarni aniqlashga moslashtirishdi. Hozirda mazkur muammolarni hal etish uchun spektrning infraqizil qismida ishlaydigan multi va giperspektral kameralardan foydalanilmoqda.

    Tadqiqotchilar bir xil muammoni an'anaviy kameralar va ikkita turdagi neyrotarmoqlar to'plami yordamida hal qilish mumkinligini aniqlashdi, Xususan, olimlar sun'iy intellekt tizimini olma yuzasida ikki turdagi nuqsonlarni – chirish va mog'orni aniqlash uchun moslashtira oldi.

    Keyingi hisob-kitoblar shuni ko'rsatdiki, olimlar tomonidan yaratilgan sun'iy intellekt tizimi olmaning to'rt xil navining fotosuratlarini tahlil qila oldi, mog'or va chirigan mevalarni topdi va ularni 98 foizlik ehtimollik bilan buzilmagan mevalardan ajrata oldi. Bu hosilning holatini kuzatish va kasalliklar tarqalishi uchun o'choq bo'lib xizmat qiladigan kasal meva va sabzavotlarni o'z vaqtida olib tashlash uchun ana shunday algoritmlardan foydalanish imkonini beradi, deb xabar beradi tass.ru