Safda tengsiz gvardiyachilar: eng ilgʻorlar saralandi

    Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida “Saf tayyorgarligi boʻyicha eng ilgʻor boʻlinma” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi oʻtkazilib, gʻoliblar aniqlandi.

    Mustaqilligimizning 34-yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” ezgu gʻoyasi ostida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida “Saf tayyorgarligi boʻyicha eng ilgʻor boʻlinma” koʻrik-tanlovining yakuniy, respublika bosqichi oʻtkazildi. Unda gvardiyachilar Qurolli Kuchlarning yangilangan Saf nizomi asosidagi yuksak mahoratini namoyish etdilar.

    Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining joriy yil 14-fevraldagi farmoniga asosan Qurolli Kuchlar uchun yangi Saf nizomi ishlab chiqilgan edi. Taʼkidlash joizki, mazkur nizom asosidagi “Saf tayyorgarligi boʻyicha eng ilgʻor boʻlinma” koʻrik-tanlovi Qurolli Kuchlar tarkibidagi tuzilmalar orasida birinchi boʻlib aynan Milliy gvardiyada tashkil etildi. Tanlov uch bosqichda – harbiy qismlar, mintaqaviy va respublika miqyosida oʻtkazildi.

    Koʻrik-tanlovni oʻtkazishdan maqsad – Milliy gvardiya boʻlinmalarining saf tayyorgarligi boʻyicha amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish hamda shaxsiy tarkibning qurol bilan maxsus saf usullarini bajarishda oʻziga ishonchini yuksaltirishdan iborat. Ushbu tanlovni yilda ikki marta – Vatan himoyachilari kuni va Mustaqillik bayrami arafasida oʻtkazish belgilangan.

    Tanlovning respublika bosqichi Jamoat xavfsizligi universitetida boʻlib oʻtdi. Unda 11 ta jamoa yakka tartibda qurol bilan va qurolsiz saf usullarini namoyish etish, saf qoʻshigʻini tantanali kuylash, jangovar chaqiriq hamda qurol bilan maxsus koʻrgazmali chiqishlar qilish kabi shartlar boʻyicha oʻzaro bahslashdi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tanlovdan koʻzlangan yana bir muhim maqsad – kelgusida unda “Jasorat maktablari” oʻquvchilarining ishtirokini taʼminlash orqali yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, harbiy sohaga qiziqishni oshirish va oʻsib kelayotgan avlodning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishdan iboratdir.

    Tanlov gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim Ichki ishlar vazirligining “Jar” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida boʻlib oʻtdi. Unda Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Davlat bojxona qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati, harbiy taʼlim muassasalari kursantlari, “Jasorat maktablari” oʻquvchilari va yoshlar ishtirok etdi.

    Tadbirda mehmonlar eʼtiboriga gvardiyachilarning koʻrgazmali chiqishlari havola etildi. Harbiy orkestrning musiqiy dasturi, yangi Saf nizomi asosidagi mashqlar, ayniqsa, gvardiyachi qizlar jamoasining qurol bilan mohirona harakatlari va Faxriy qorovul batalyonining namunali chiqishi barchada katta taassurot qoldirdi. Tanlovda xotin-qiz harbiy xizmatchilarning faol ishtiroki tizimda gender tenglik masalasiga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yaqqol namunasi boʻldi.

    Tanlov yakunida gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.Unga koʻra, 3-oʻrin Milliy gvardiyaning Fargʻona viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmalari jamoalariga nasib etdi. 2-oʻrinni Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi egallagan boʻlsa, faxrli 1-oʻrinni “Sher” jamoasi qoʻlga kiritdi.

    Gʻoliblarga diplom va pul mukofotlari topshirildi.