Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi ham yubeleyga munosib tuhfa hozirladi. Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika kafedrasi mudiri, tarjimon Hayrulla Hamidov tomonidan Said Ahmad hikoyalari turk tiliga tarjima qilinib, “Özbek Edebiyati’nin Seçme Eserleri. Said Ahmed. Hikâyeler” (O'zbek adabiyotining sara asarlari. Said Ahmad. Hikoyalar) nomli kitob tarzida nashr etildi.

Risolaga H.Hamidovning shogirdlari tarjimalari ham kiritilgan. Kitobdan adibning “Elim”, “Sag'ana”, “Bir o'pichning bahosi”, “Xomtalash”, “Xanka bilan Tanka”, “Bir yuz etmish so'mlik xurrak”, “Mening do'stim Babbaev!”, “Iqror” singari o'nlab mashhur hikoyalari o'rin olgan.

 – Mohir so'z ustasi Said Ahmadning xalqimizga tanish va mashhur bo'lgan hikoyalarini turk tiliga tarjima qilish niyati bizda bundan 10 yil oldin, adibning 90 yilligini nishonlash vaqtida boshlangan edi, – dedi Hayrulla Hamidov. – 2011 yilda institutimizda “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi ochilib, talabalar qabul qilindi. Ikki guruhning biri hind, biri turk tili guruhi edi. SHunda biz talabalarni mustaqil ijodiy ish – badiiy tarjimaga jalb qilishga harakat qildik. O'zbek adabiyoti namunalarini sharq tillariga o'girish ishlarini boshlab yubordik. O'sha yillarda juda ko'p asarlar sharq tillari, jumladan, turk tiliga tarjima qilinib, kichik tirajlarda chop qilindi. Mana, nihoyat, bugungi kunga kelib, sevimli adibimizning 100 yillik yubileyiga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti nomidan kichik bir tuhfa sifatida kafedramizda turkchaga o'girilgan barcha hikoyalarini bir joyga to'plab, kichik tirajda tezkor nashrda chop qilishga jazm qildik. YAqin kelajakda Said Ahmadning boshqa asarlarini  ham nafaqat turk tili, balki boshqa sharq tillariga tarjima qilishni ham rejalashtirganmiz.

Bir badiiy asarni ona tiliga tarjima qilish oson emas, o'z ona tilidan xorijiy tilga o'girish esa undan o'n karra murakkab ish. Ushbu kitob Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ijodiy jamoasining buyuk adib tavalludining 100 yilligiga kamtarona tuhfasi bo'ldi.

Iroda TOSHMATOVA,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri