Saida Mirziyoyeva AQSHdagi Metropoliten muzeyida boʻldi

    Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi shuʼba mudiri Saida Mirziyoyeva dunyoning eng yirik muzeylaridan biri — AQSHdagi Metropoliten muzeyida boʻldi.

    Bu haqda uning oʻzi telegramdagi sahifasi orqali maʼlum qildi.

    "Metropoliten muzeyi vakillari – islom sanʼati kuratori Navina Haydar va koʻrgazmalar boʻyicha direktor oʻrinbosari Kuinsi Xouton bilan uchrashuv oʻtkazdik. Dunyodagi eng nufuzli muzeylardan biri Oʻzbekiston delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuvda Metropoliten sanʼat muzeyi xodimlarining 2024-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan IV Butunjahon ijodiy iqtisodiyot konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildik.

    Men uchun institutlar oʻrtasidagi muloqot juda muhim. Bu mutaxassislarning ichki rivojlanishi va madaniy almashinuviga turtki beradi. Shuningdek, uchrashuv davomida muzeylarimiz mutaxassislarining stipendiya dasturida ishtirok etishi va Metropoliten muzeyida malaka oshirish masalasini ham koʻtardik", deb yozadi muallif oʻz sahifasida.