Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibining iqtisodiy rivojlanish boʻyicha yordamchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Iyun 2025 647

    Shu yilning 23-iyun kuni Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Samarqandda BMT Bosh kotibining iqtisodiy rivojlanish boʻyicha yordamchisi Navid Hanif bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqotning asosiy mavzusi — ilk bor Oʻzbekistonda tashkil etilgan Davlat xizmati boʻyicha global forum yakunlari va natijalariga bagʻishlandi.

    Suhbat davomida islohotlar samarasi, raqamlashtirish jarayoni va “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi doirasidagi rejalar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, hamkorlikning yangi yoʻnalishlari: yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, raqamli koʻnikmalarni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va mutaxassislarning BMT loyihalarida ishtirok etishi muhokama qilindi.

    Shuningdek uchrashuvda ekologiya masalalari ham eʼtibor markazida boʻldi — Xalqaro iqlim akademiyasini tuzish va Orol hududini tiklash boʻyicha fikr almashildi.

    Bugungi beqaror dunyoda eng muhim jihat — bir-birimizni eshitishni oʻrganish. BMT — ana shunday ochiq muloqot va yechimlarni birgalikda izlash mumkin boʻlgan maydondir. Oldinda hali koʻplab yangi gʻoya va loyihalarimiz bor — ularni hamjihatlikda amalga oshirishga tayyormiz, — deb yozadi Prezident yordamchisi oʻzining Telegram kanalida.