Saida Mirziyoyeva Oq uyda Jo Baydenning yordamchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Mart 2023 783

    Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva Oq uyda Jo Baydenning yordamchisi va AQSH prezidenti administratsiyasining gender siyosati boʻyicha Kengashi direktori Jennifer Klyayn bilan uchrashdi.

    Oq uyda Jo Baydenning yordamchisi va AQSH prezidenti administratsiyasining gender siyosati boʻyicha Kengashi direktori Jennifer Klyayn bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda olib borilayotgan muhim islohotlar haqida soʻz yuritildi.

    "Asosiy mavzularidan biri — xotin-qizlarni gender zoʻravonlikdan himoya qilish va Oʻzbekistonda unga yoʻl qoʻymaslik uchun amalga oshirilayotgan ishlar boʻldi.

    Umuman, muloqotimiz ochiq va samimiy boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlik jinoyatini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar faqat qogʻozda qolmasligi uchun zarur chora-tadbirlarni atroflicha muhokama qilindi.

    Jennifer Klayn bu borada amaliy yordam berishni taklif qildi. Shuni inobatga olgan holda, kelgusida aloqalarimizni yanada mustahkamlash va kengaytirish imkoniyatiga ega boʻlamiz", — deydi Saida Mirziyoyeva.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston delegatsiyasi shu yil 23-mart kuni BMTning Suv masalalari boʻyicha konferensiyasida ishtirok etgan edi.