Men oʻqituvchilarga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqish oʻta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini soʻrab qolaman.
Oʻqituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini taʼminlashdir.
Buning oʻzi juda murakkab vazifa. Taʼlim yoʻnalishida shundoq ham muammolar gʻij-gʻij boʻlib turganida, ustiga-ustak oʻqituvchilar gardaniga yana qandaydir qoʻshimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha.
Oʻqituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki Oʻzbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.
Men barcha masʼul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va oʻqituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini soʻrayman.
Hozir mamlakatimizda taʼlim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz oʻqituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman.
Zero faqat taʼlim, faqat oʻqituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda oʻz oʻrnini topishlari uchun ham ustozlarimizni eʼzozlashimiz shart, deb yozmoqda Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva.