Shu munosabat bilan Saida Mirziyoyeva va “Al-Azhar” majmuasi bosh imomi, Misr bosh imomi shayx Ahmad Muhammad Tayyib bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda tinchlik, oʻzaro anglashuv va inson qadr-qimmatini yuksaltirish orqali “Insoniy birodarlik” mukofoti missiyasini amalda roʻyobga chiqarishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Insoniy birodarlik deklaratsiyasida belgilangan tamoyillarni saqlab qolish va yanada rivojlantirish, turli din va madaniyat vakillari oʻrtasida global hamkorlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.
Uchrashuv doirasida Al-Azhar bilan taʼlim, ilm-fan, talabalar va ulamolar almashinuvi, qoʻshma ilmiy dasturlar hamda qoʻlyozma manbalarni oʻrganish yoʻnalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ham muhokama etildi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva dunyodagi eng qadimiy masjidlardan biri hisoblangan “Al-Azhar” masjidini ziyorat qilish sharafiga muyassar boʻlganini maʼlum qildi. Ziyorat chogʻida bu maskanning islom sivilizatsiyasi va islom maʼrifatini taraqqiy ettirishda tutgan oʻrni yuksak baholandi.











