Saksovulni noqonuniy sindirganlar javobgarlikka tortildi

    Shofirkon tumanida saksovul olib ketayotgan “Ford” rusumli avtomashina toʻxtatilib, tekshirilganda 3 nafar fuqaro saksovul olib ketayotgani aniqlandi.

    Ekologiya inspektorlari avtomashinani jarima maydonchasiga olib borish haqida qonuniy talab qoʻygan, ammo huquqbuzarlar unga boʻysunmasdan qochishga uringan va qarshilik koʻrsatgan. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan materiallar ichki ishlar organlariga yuborilgan.

    Ushbu huquqbuzarlik Shofirkon tumani Jinoyat ishlari boʻyicha sudida koʻrib chiqildi. Fuqaro A.S.ga inspektorlar talabiga boʻysunmagani hamda faol qarshilik koʻrsatib, qochishga uringani uchun 10 sutka qamaldi.

    Shuningdek, qolgan 2 nafar fuqaroning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 10 mln 300 ming soʻmdan jarima tayinlandi. Qolaversa, tabiatga huquqbuzarlar tomonidan jami 32 mln 298 ming soʻm zarar yetkazilgani hisoblandi.

    Bundan tashqari, sud tomonidan qonuniy buyruqqa boʻysunmaganlik uchun saksovul sindirgan 3 nafar huquqbuzarning har biriga hamda voqeaga aralashgan yana bir fuqaroga BHMning 5 baravaridan (2 million 60 ming soʻm) jarima tayinlandi.