Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Toshkent Davlat Agrar Universiteti bilan hamkorlikda oliy o'quv yurtining 90 yilligiga bag'ishlangan “Qishloq xo'jaligi fani nazariyasi va amaliyotining dolzarb muammolari hamda ularni hal etish yo'llari” mavzusidagi xalqaro anjumanni tashkil etdi. Onlayn tarzda bo'lib o'tgan anjumanda Rossiya, Germaniya, Koreya, Turkiyadagi qator nufuzli oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilari, jami 90 dan ortiq ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda 2001 yilda O'zbekiston FAOga a'zo bo'lganidan buyon universitet va tashkilot o'rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi. O'tgan vaqt mobaynida ilg'or xorijiy tajribalar asosida O'zbekiston agrosanoat sohasi uchun muhim bo'lgan, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan ko'plab qo'shma loyiha va dasturlar FAO tomonidan amalga oshirildi. Tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlikning o'tgan yillardagi natijalari va rejalari muhokama qilindi.

Toshkent Davlat Agrar Universiteti butun Markaziy Osiyo mintaqasida qishloq xo'jaligi sohasidagi eng nufuzli o'quv yurtlaridan biri ekanligi ta'kidlab o'tildi. Universitet bitiruvchilari orasida nafaqat O'zbekistonda, balki xorijda ham, shu jumladan, FAO tizimida qishloq xo'jaligi rivojiga hissa qo'shgan yorqin va iste'dodli shaxslar talaygina.