Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga karshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi tomonidan “Toshkent-tovar” hamda “Chuqursoy texnik idorasi” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda bojxona toʻlovlaridan qochish maqsadida sodir etilgan navbatdagi nayrangni fosh qilishdi.
Yurtimizda faoliyat olib boruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteyneri oʻrnatilgan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi.
Hujjatlarga koʻra, konteynerda toʻqimachilik matolari yuklangan boʻlishi lozim edi. Ammo, koʻrik davomida mazkur matolar oʻrniga hujjatlarda umuman qayd etilmagan 191 ming m. kv. pardalik matolar ortilgani fosh boʻldi. Ularning umumiy qiymati esa 2 mlrd. 941,2 mln. soʻmni tashkil qilmoqda.
Shu yoʻl bilan yuk egalari davlat byudjetiga undirilishi lozim boʻlgan 884,2 mln. soʻmlik bojxona toʻlovlaridan qochishga urinishgani fosh boʻldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.