Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlar stajirovka oʻtadi

    Ta'lim 23 Mart 2023 1224

    Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Salohiyatli kadrlar rezervi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida 2 hafta davom etadigan stajirovka tashkil etildi.

    Stajirovkaga rezerv uchun 754 nafar hokim yordamchilari, 196 nafar yoshlar yetakchilari va 50 nafar xotin-qizlar faollari saralab olindi.

    Dastavval nomzodlar bir yilga moʻljallangan “Shaxsiy rivojlanish rejasi”ni ishlab chiqdi, “Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun maxsus masofaviy malaka oshirish kursi”da turli sohalar boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirdi.

    Maqsad – nomzodlarning bilim va koʻnikmalarni mustahkamlash hamda amaliyot bilan uygʻunligini taʼminlash, oʻzlarining xizmat vazifalarini samarali amalga oshirish uchun kasbiy malaka va boshqaruv mahoratini oshirishdan iborat.

    Agentlikning hududiy filiallari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan stajirovka oʻtash grafiklari ishlab chiqildi.

    Nomzodlar 2 hafta davomida oʻzlari biriktirilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, respublika davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari (departament, boshqarma, boʻlim) rahbarlari yoki ularning birinchi oʻrinbosarlari nazorati ostida tashkilot va uning faoliyati bilan yaqindan tanishish, ish jarayonlarida faol ishtirok etish, tashkilotning tegishli hujjatlari va materiallari bilan ishlash imkoniyatiga ega boʻldilar.

    Nomzodlarni baholashda ularning mehnatsevarligi, intizomliligi, masʼuliyatliligi, bilim darajasi, liderlik xislatlari, kasbiy professionalizmi, odobi va muomala madaniyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlarning “Shaxsiy rivojlanish rejasi”ning bajarilishi, masofaviy malaka oshirish kursi, tashkil etilgan oʻquv kursi hamda amaliyotni oʻtash natijalari Agentlikning maxsus elektron platformasi (zaxira.argos.uz) orqali shakllantirilib boriladi. Nomzodlarning natijalari asosida ularning reytingi yuritiladi. Reyting koʻrsatkichlari boʻyicha “oltin”, “kumush” va “bronza” zaxiralariga ajratiladi.

    “Oltin” zaxiraga kiritilgan nomzodlarni bir oy muddatda xorijiy stajirovkaga yuborish va rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish koʻzda tutilgan.

    Dilshod Sayidaxmedov,

    Davlat xizmatini rivojlantirish

    agentligi masʼul xodimi.