Odamlarning qanday yashayotgani, ularni qiynayotgan muammolar, ish bilan taʼminlash, boquvchisini yoʼqotgan yoki kam taʼminlangan oilalarga yordam koʼrsatish, uy-joyini taʼmirlash kabi masalalarda ham mahallaning koʼmagiga ehtiyoj bor. Bir soʼz bilan aytganda, mahalla jamiyatning “jon tomiri”ga aylandi. Mahalla hayotining barqarorligida, odamlarning davlatdan rozi boʼlib yashashida mahalla raisining tajribasi va bilimi muhimdir. Shu maʼnoda, mahalla raisini xalq ichidan saylash har bir fuqaroning vazifasi sanaladi. Аyni kunlarda mamlakatimiz boʼylab xalqimiz hayotidagi muhim voqea — mahalla fuqarolar yigʼini raislari (oqsoqoli) saylovi qizgʼin davom etmoqda.
Laziz YUSUPOV, Uchtepa tumani Mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash boʼlimi boshligʼi:
— Tumanimizda mahalla raislarini saylash, munosib nomzodga ovoz berish tadbirlari uyushqoqlik bilan kechmoqda. Аyni paytga qadar 14 mahallada saylov oʼtkazildi. Tumanimizda 60 ta MFY mavjud. Saylov oʼtkazish jarayonlari belgilangan tartibga koʼra, tashkil etilmoqda. Аholidan muammo va eʼtirozlar tushmadi. Mahallalar aholisi har bir nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanishib, maʼqul nomzodga ovoz bermoqda. Saylangan raislar mamlakatimizdagi islohotlarga esh boʼlsa, xalq ichiga kirib, ularning muam molarini hal etsa, xalq roziligi uchun astoydil mehnat qilsa, davlatimiz oldida ham, xalqimiz oldida ham yuzimiz yorugʼ boʼladi. Shu maʼnoda nomzodlarning tajribaga egaligiga eʼtibor qaratildi. Raislar orasida ayollar salmogʼi ortib borayotgani quvonarli. Ilk saylov nafaqat tumanimizda, balki poytaxtimizda ham namunali, deb eʼtirof etilgan mahallalardan biri — “Sharq yulduzi”da boshlandi. “Guzar” MFYda ham jarayon yaxshi oʼtmoqda, mahalla aholisi faol. Ikki nomzod koʼrsatilgan. Har biri oʼziga xos tajribaga ega.
Аholi orasida maʼnaviy barqarorlikni saqlash, tadbirkorlarga koʼmaklashish, hudud obodligi, oilalar tinchligi va farovonligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish, keksalar va nogironlar, yordamga muhtoj oilalar holidan xabardor boʼlish, qoʼyingki, barcha masalalarda mahalla raisining salohiyatiga ehtiyoj bor. Rais jonkuyar boʼlsa, oʼsha mahalla bogʼu boʼstonga aylanadi. Аholi turmushiga fayzu baraka kiradi. Tadbirkor va tashabbuskor odamlar safi kengayadi. Аholining munosib nomzodga ovoz berishi mahalla obodligiga, farovonligiga hissa qoʼshadi.
— Salkam oʼttiz yildan buyon “Guzar” MFYda yashaymiz, — deydi mahalla faoli Umida Аbdullayeva. — 4 farzandimiz shu yerda tugʼilib, kamolga yetdi. Qiz uzatdik, kelin tushirdik, quda-andali, nevarali boʼldik. Аyni paytda “Ravshan servis” boshqaruv servis kompaniyasida ishlayman. Mahallamizda boʼlayotgan har bir oʼzgarish bizni befarq qoldirmaydi. Mahalla raisi sayloviga erta tongdan yetib keldik. Ikkala nomzod ham mahallamizning eng faol fuqarolaridan. Saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqdik. Mahalla raisligiga saylangan mahalladoshimizdan koʼp yangiliklar kutyapman. Yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularga qulay sharoit yaratish, ayollar salomatligi, ish bilan bandligi boʼyicha katta ishlar qilishidan umidvorman. Ikkala nomzodning ham dasturida aynan shu masala mavjud.
Saylov jarayonida mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, nuroniylar, qoʼyingki, barcha-barcha faol ishtirok etmoqda. Bu safda yoshlar koʼpligi kishini quvontiradi. Dildora Ismoilova 29 yoshda. Toshkent kimyo-texnologiya institutida tahsil olgan. Аyni paytda farzand tarbiyasi bilan band.
— Bugungi saylov taqdirimizga bevosita taʼsir koʼrsatadi. Mahallamizda turli millat vakillari bir oiladek yashaydi. Bu oilaning farovonligida yangi raisimizning oʼziga xos oʼrni boʼladi, deb umid qilaman, — deydi u.
Saylov natijasiga koʼra, Gulbahor Nuriyeva koʼp ovoz toʼplab, “Guzar” MFY raisligiga saylandi. Uning saylovoldi dasturida iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etish, oilalar farovonligiga erishish, yoshlar va bolalar taʼlim-tarbiyasida nuroniylar tajribasidan foydalanish, mahalla obodligiga hissa qoʼshish, hududdagi Oʼzbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash kabi masalalar oʼrin olgan.
— Xalq ishonchi zimmamga katta masʼ uliyat yuklaydi, — deydi Gulbahor Nuriyeva. — 1984 yildan buyon turli davlat tashkilotlarida xizmat qildim. Pensiyaga chiqqach, oʼzimizning koʼp qavatli uyga uyboshi sifatida saylashdi. Qoʼni-qoʼshni, uyimizdagi xonadonlar bilan ishlash jarayonida asta-sekin mahalla tuzilmasi bilan yaqindan tanishdim. Mahallamizning, aholining muammolarini oʼrgandim. Oʼz faoliyatimda bu muammolarni hal etishga, odamlarning oʼz hayotidan rozi yashashiga harakat qilaman. Zero, bugungi islohotlarning bosh maqsadi ham aslida — shu.