Ayniqsa, taʼlim muassasalaridagi yozgi taʼtil davrini mazmunli va samarali tashkil etish, ularning boʻsh vaqtini foydali mashgʻulotlarga yoʻnaltirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada “Dolzarb 90 kun” loyihasi yurtimizdagi oliygohlar faoliyatida ham samarali davrni boshlab berdi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti ham ushbu loyihani masʼuliyat bilan, yuksak saviyada amalga oshirib, talabalar, oʻquvchilar va mahalla yoshlari uchun yozgi taʼtilni nafaqat dam olish, balki shaxsiy va kasbiy oʻsish davriga aylantirishga erishmoqda.

Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun Toshkent kimyo-texnologiya institutida maxsus shtab tashkil etilgan boʻlib, uning faoliyati aniq rejalar asosida yoʻlga qoʻyilgan. Shtab aʼzolarining vazifalari puxta belgilab olingani, ularning loyiha maqsadlaridan toʻliq xabardorligi tadbirlarning uzluksiz va muvofiqlashtirilgan holda olib borilishini taʼminlamoqda. Bu tizimli yondashuv loyihaning har bir jihati puxta rejalashtirilishi va doimiy nazorat ostida boʻlishini kafolatlaydi.

Institutning barcha sport inshootlari, oʻquv-amaliy laboratoriyalari, toʻgaraklar uchun ajratilgan xonalar yozgi taʼtil davrida toʻliq ish rejimiga oʻtkazilib, ulardan talabalar, shuningdek, yon-atrofdagi mahallalar yoshlari bemalol foydalanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu, oʻz navbatida, taʼlim muassasasining nafaqat akademik, balki ijtimoiy masʼuliyatini ham toʻlaqonli ado etayotganini koʻrsatadi. Masʼul xodimlar, toʻgarak rahbarlari va sport trenerlarining aniq roʻyxati shakllantirilgan va ular faoliyati mehnat qonunchiligiga muvofiq ragʻbatlantirilmoqda, bu esa loyiha ishtirokchilarini yanada ruhlantirishi shubhasiz.

“Dolzarb 90” doirasidagi tadbirlar orqali Shayhontohur tumanidagi 51 ta mahalla hamda 35 ta maktab qamrab olingan boʻlib, belgilangan reja-grafiklar asosidagi hamkorliklar hisobiga muntazam toʻgarak va mashgʻulotlar oʻtkazib kelinadi.

Loyiha doirasidagi chora-tadbirlar dasturida haftaning har bir kuni uchun aniq tematik yoʻnalishlar belgilangan. Bu reja-grafik loyihaning tizimli va uzluksiz amalga oshirilishini kafolatlaydi. Dushanba kuni maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sanʼat koʻrgazmalari va “Zakovat” intellektual oʻyinlariga bagʻishlansa, seshanba kuni sport musobaqalari va kibersport oʻyinlari yoshlarning jismoniy va aqliy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Chorshanba kuni kino va teatr sanʼati, payshanba kuni tadbirkorlik va innovatsion gʻoyalarni rivojlantirishga qaratilgan treninglar, juma kuni xorijiy tillarni oʻrganish va zamonaviy dasturlash koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha mahorat darslari, shanba kuni esa 3D modellashtirish, amaliy kimyo va fizika laboratoriyalari, robototexnika va dron texnologiyalari toʻgaraklari orqali yoshlarning texnologik bilimlari boyitilmoqda.

Shuningdek, “Vatan boʻylab sayohat qil!” loyihasi doirasida tarixiy joylar va innovatsion texnoparklarga ekskursiyalar uyushtirilayotir. Institut hududida “Bunyodkor yoshlar” talabalar otryadlarining faoliyati yoʻlga qoʻyilib, yoshlarning mehnatsevarlik koʻnikmalari shakllantirilmoqda. Bu tadbirlarning barchasi aniq reja asosida, yuksak saviyada tashkil etilib, yoshlarning har tomonlama rivojlanishiga zamin yaratadi albatta.

Institutda “Talabalar media guruhi”ning tashkil etilishi va uning zarur vositalar bilan jihozlanishi loyiha doirasidagi barcha tadbirlarning ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borilishiga imkon yaratgan. Bu esa loyihaning shaffofligini taʼminlab, uning ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim oʻrin tutadi. “Yoshlar bandligi oyligi” doirasida bitiruvchi kurs talabalariga “Davlat xizmatiga ishga kirish tartibi” mavzusida seminarlar tashkil etildi. Shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJ hamkorligida Sanoat muhandisligi va menejmenti fakulteti bitiruvchilari uchun tashkil etilgan “Karyera kuni” koʻplab yoshlarning oʻz ish oʻrinlarini topishiga katta yordam berdi.

Tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar ishtirokida motivatsiya beruvchi “Biznes marafon” treninglari oʻtkazilayapti. Zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Institutda “3D modellashtirish” toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan va bu yoshlarning 3D Max, Blender, Lumion, Solid Works, Maya, AutoCAD kabi dasturlarda mustaqil loyihalar amalga oshirish koʻnikmalari shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, “Amaliy fizika va kimyo laboratoriyalari” toʻgaraklari ham talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda yanada mustahkamlaydi. Bularning barchasi institutning yoshlar uchun nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy koʻnikmalarni ham rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratayotganini koʻrsatadi.

Loyiha yakunida turli yoʻnalishlarda faol ishtirok etgan yoshlar munosib ragʻbatlantirildi. Futbol, voleybol, shaxmat va stol tennisi boʻyicha sport musobaqalarida faxrli oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar, shuningdek, ilmiy-amaliy toʻgaraklar, “Karaoke kechasi”, ijodiy uchrashuvlar va “Zakovat” intellektual oʻyinida faol qatnashgan hamda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yoshlar diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Bunday ragʻbatlantirishlar yoshlar orasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va oʻz ustida doimiy ishlashga undashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida institut talaba-yoshlari oʻrtasida “Sport – salomatlik garovi!” shiori ostida futbol musobaqasi tashkil etildi. Velosport musobaqasi ham yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri boʻldi.

Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan mazkur koʻlamdor ishlar yoshlarning yozgi taʼtilini nafaqat mazmunli va foydali, ayni paytda unutilmas xotiralarga boy oʻtkazishga xizmat qiladi. Bu saʼy-harakatlar natijasida talaba-yoshlar nafaqat jismonan chiniqmoqda, shu bilan birga maʼnaviy jihatdan yuksaladi, yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi, oʻz kelajaklari uchun mustahkam poydevor yaratadi. Institutning yoshlar masalasidagi bunday izchil faoliyati kelgusida yurtimizning barkamol va yetuk kadrlar bilan taʼminlanishiga munosib hissa qoʻshishi shubhasiz.

Ushbu loyiha yoshlarning boʻsh vaqtini samarali oʻtkazishlari, ularni jamiyatning faol va tashabbuskor aʼzolari etib tarbiyalashga qaratilgan muhim qadamdir. Bu kabi tadbirlar nafaqat yoshlar orasida ijobiy kayfiyat yaratadi, balki ularni jamiyatga foydali shaxslar sifatida shakllantirish, Vatanga sadoqatli boʻlish, oʻz milliy qadriyatlariga hurmat bilan yondashishga undashda ham muhim rol oʻynaydi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti kelajakda ham yoshlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va salohiyatini yuzaga chiqarish boʻyicha izchil ishlashda davom etadi.

Bahodir BOBORAJABOV,

Toshkent kimyo-texnologiya instituti birinchi prorektori